Eronda milliy valyuta yangilanishi mumkin
Olam
−
21 dekabr 2024
4701Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon parlamentga milliy valyutani yangilash, ya’ni keskin qadrsizlanayotgan eron riyoli o‘rniga tuman valyutasiga o‘tish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etdi. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.
Qayd etilishicha, pul islohotining tarkibiy qismi sifatida milliy valyutani 10 000:1 nisbatida denominatsiyalash rejalashtirilgan. Yani, banknotalardan ortiqcha 4 ta nol olib tashlanadi. Deputatlarga bugun, 21 dekabr luni taqdim etilgan qonun loyihasi aslida hukumat tomonidan 2019 yilning iyul oyida, mamlakat prezidenti Hasan Ruhoniy davrida ma’qullangan.
Eron hukumati denominatsiyani iloji boricha tezroq amalga oshirish zarur deb hisoblamoqda. Buning sababi eron riyolining bozor kursi keskin ravishda qadrsizlanib ketganida. 19 dekabr kuni riyolning kursi AQSH dollariga nisbatan tarixiy minimumga tushib, 1 dollar uchun 777 ming riyolni tashkil etdi. Shu bilan birga, 2017 yildan beri Eron Markaziy bankining rasmiy kursi deyarli o‘zgarmagan – 1 dollar uchun 420 ming riyol darajasida qolmoqda. Bu holat eksportchilar uchun muammolarni yuzaga keltirmoqda, chunki ular xorijda olingan daromadni rasmiy kurs bo‘yicha riyolga almashtirishga majbur bo‘lmoqda.
Eron valyutasining qadrsizlanishi geosiyosiy tanglik va Tehronga qarshi G‘arb sanksiyalarining salbiy ta’siri, shuningdek, mamlakatda davom etayotgan energetika inqirozi bilan bog‘liq. Energetika muammolari ayniqsa sovuq mavsumda kuchaygan.
Riyolning qadrsizlanishiga asosiy sabab sifatida inflyatsiya darajasining yuqoriligi keltirilmoqda. 2020 yildan beri Eron inflyatsiyasi 40-50 foiz atrofida saqlanib kelmoqda. Islom Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 20 dekabr holatida inflyatsiya darajasi 37,3 foizni tashkil qilmoqda. Aholi esa o‘z jamg‘armalarini asosan oltin tangalarda saqlashni afzal ko‘rmoqda, chunki oltin tangalar Eron bozorida yuqori talabga ega. Tuman 1979 yil Islom inqilobidan avval Eronning rasmiy valyutasi bo‘lgan. Hozirda eronliklar hisob-kitoblarni qulay qilish maqsadida 1 tumanni 10 riyolga teng deb belgilashadi.
Eron iqtisodchilari pul islohoti mamlakat iqtisodiyotidagi asosiy muammolarni hal qila olmasligini ta’kidlamoqda. Ular iqtisodiy o‘sish uchun asosiy turtki sifatida G‘arb sanksiyalarining bekor qilinishini ko‘rmoqda. Tashqi ishlar vazirligi bu boradagi muzokaralarni AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp 2025 yilning yanvarida lavozimga kirishganidan keyin faollashtirishni rejalashtirmoqda. Biroq yangi amerikalik yetakchi Isroilni shartsiz qo‘llab-quvvatlash va Eron bilan qurolli mojaro ehtimolini inkor qilmaslik haqida e’lon qilgani sababli Eron ustidan sanksion bosimning kuchayishi xavfi saqlanib qolmoqda.
LiveBarchasi