Rafael Benites “Panatinaikos” bosh murabbiyi etib tayinlandi

Sport

image

Gretsiyaning “Panatinaikos” jamoasi “Liverpul” va “Real Madrid”ning sobiq ustozi Rafael Benitesni jamoa bosh murabbiyi etib tayinladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

65 yoshli ispaniyalik mutaxassis Yevropa ligasida “Feyenoord”dan 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgach, iste’foga chiqarilgan Kristos Kontisning o‘rnini egalladi. Ma’lum bo‘lishicha, Benites Afinadagi klub bilan ikki yillik shartnoma imzolagan. Bitimni yana bir yilga uzaytirish imkoniyati mavjud. Shartnomaga ko‘ra, u mavsumiga 4 million yevro (taxminan 4,66 million dollar) maosh oladi. Bu Gretsiya oliy ligasi tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich sanaladi.

Benites so‘nggi bor Ispaniyaning “Selta” klubida faoliyat olib borgan, biroq u o‘tgan yil mart oyida sakkiz oylik ish faoliyatidan so‘ng iste’foga chiqarilgan edi.

Tajribali murabbiy “Panatinaikos”ni qayta tiklash vazifasini zimmasiga oladi. Gretsiyaning 20 karra chempioni hozirda mahalliy chempionatda 7-o‘rinni egallab turibdi. Yevropa ligasida esa klub dastlabki g‘alabadan so‘ng ketma-ket ikki marta mag‘lubiyatga uchradi.

Rafael Benites “Panatinaikos” bosh murabbiyi sifatidagi ilk uchrashuvini ertaga, 26 oktyabr kuni “Asteras Tripolis”ga qarshi o‘tkazadi.

Ma’lumot uchun, Rafael Benites 2004 yildan 2010 yilgacha Angliyaning “Liverpul” klubida faoliyat olib borgan. U bu davrda 2005 yilda Chempionlar Ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan. 2015 yilda esa Benites “Real Madrid” bosh murabbiyi etib tayinlangan. Biroq u Madrid klubini atigi yarim mavsum boshqargan va 2016 yil boshida iste’foga chiqarilgan.


Maqola muallifi

Teglar

maosh “Liverpul'” Rafael' Benites “Panatinaikos”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing