Rahmon va Raisiy ham Dushanbedan Toshkentga keladi
Olam
−
07 noyabr 2023
10151Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy Dushanbedagi ikki tomonlama uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sammitida ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Tojikiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Raisiyning Tojikiston poytaxtiga tashrifi rejalashtirilganidan bir kun kechroq – 8 noyabr kuni boshlanadi.
“Eron Prezidentining Dushanbega tashrifi 8-9 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Ular [Tojikiston va Eron Prezidentlari] 9 noyabr kuni ertalab bu yerdan Toshkentga uchib ketadi”, deydi Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati rahbari Abdufattoh Sharifzoda.
Ma’lumot uchun, 8-9 noyabr kunlari Toshkentda IHTning o‘n oltinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tadbir ishtirokchilari savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya va gumanitar hamkorlikni kengaytirish, 1985 yilda tashkil etilgan ushbu davlatlararo tashkilot faoliyatini takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqadi. IHTga Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston kiradi. Uning doimiy kotibiyati bosh qarorgohi Tehronda joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida 8 noyabridan 10 noyabrigacha Toshkentning ayrim ko‘chalarida harakatlanish cheklanishi ma’lum qilingandi.