Rahmon Rog‘un GESning uchinchi agregati qachon ishga tushishini ma’lum qildi
Olam
−
28 dekabr 2023
8326Tojikistondagi eng yirik Rog‘un gidro elektr stansiyasi(GES)ning olti blokidan uchinchisini ishga tushirish uchun 15 ming mutaxassis va ishchi hamda 3,5 ming texnika ishlamoqda. Bu haqda respublika Prezidenti Imomali Rahmon parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Tojikistonda Rog‘un GESning uchinchi agregati 2025 yilgacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buning uchun 2023 yilda mamlakat byudjetidan 5 mlrd somoniydan (454,5 mln dollar) ortiqroq mablag‘ yo‘naltirilgan. Shuningdek, Saudiya Arabistoni ham Rog‘un GESning qurilishini davom ettirish uchun qariyb 100 million dollar ajratgan.
Rahmonning ma’lum qilishicha, Tojikistonda yakunlanayotgan yil davomida energetika ob’ektlarini tiklash uchun 9 milliard (829 million dollar) somoniy yo‘naltirilgan.
"“Tojikiston dunyodagi eng arzon elektr energiyasiga ega. Biz yig‘adigan elektr energiyasidan tushgan daromad elektr tizimi xodimlarining o‘z maoshlarini qoplamaydi. Vaqt o‘tishi bilan istaymizmi, yo‘qmi, elektr energiyasi narxini oshiramiz", degan Rahmon.
Shularni hisobga olib 2032 yilga qadar Tojikiston muqobil energiya manbalariga o‘tishni rejalashtirgan.
Ma’lumot o‘rnida, Rog‘un GES Dushanbedan 110 km masofada Vaxsh daryosida joylashgan. Uning qurilishi 1976 yilda boshlangan, ammo SSSR parchalangach ish to‘xtab qolgan. Keyinroq Tojikiston GES qurilishi bo‘yicha ishlarni davom ettirdi, loyihada ko‘zda tutilgan har birining quvvati 600 MVt.ga teng bo‘lgan olti agregatdan hozircha faqat ikkitasi ishga tushirilgan. 2008 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davrda Rog‘un GESda rekonstruksiya, qurilish va montaj ishlariga mamlakat byudjetidan va boshqa manbalardan qariyb 3 mlrd dollar ajratilgan. Ishga tushirilgach stansiya quvvati 3,6 GVt.ni tashkil etadi va balandligi 335 metr bo‘lgan to‘g‘on dunyodagi eng baland to‘g‘onga aylanadi.
LiveBarchasi