Rahmon Putin rezidensiyasiga isbotsiz hujumni qoraladi
Olam
−
01 yanvar 2074 2 daqiqa
Rossiya va Tojikiston Prezidentlari Vladimir Putin va Imomali Rahmon telefon orqali Kiyevning Rossiya rahbari qarorgohiga amalga oshirgani aytilayotgani, ammo hali isbot talab qilayotgan hujumi bo‘yicha fikr almashdilar. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
“Imomali Rahmon 28-29 dekabrga o‘tar kechasi Novgorod viloyatidagi Rossiya Prezidenti qarorgohiga Ukraina hujumkor dronlarining misli ko‘rilmagan hujumini qattiq qoraladi. Ushbu qo‘pol provokatsiya Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha Rossiya-Amerika aloqalarining intensivligi fonida sodir bo‘lganligi alohida ta’kidlandi”, deyiladi bayonotda.
Kremlning ta’kidlashicha, Kiyev rejimining ushbu beparvolik harakati bo‘yicha fikr almashgandan so‘ng, rahbarlar bir-birlarini Yangi yil bilan samimiy tabriklagan.
Suhbat davomida tomonlar Afg‘onistondagi voqealarni hisobga olgan holda mintaqaviy masalalarga ham to‘xtalib o‘tgan.
Bundan tashqari, Rossiya-Tojikiston strategik sherikligi va ittifoqini yanada mustahkamlashga o‘zaro sadoqat tasdiqlandi.
Rostligi noaniq hujum
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kiyev 2025 yilning 29 dekabr kuni kechasi Putinning Novgorod viloyatidagi davlat qarorgohiga 91 ta uchuvchisiz uchish apparati yordamida hujum uyushtirganini xabar qildi. Barcha dronlar yo‘q qilindi. Vazir qurbonlar yoki zarar haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligini aytdi.
O‘z navbatida, Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning xabar berishicha, Putin telefon orqali suhbatda AQSH Prezidenti Donald Trampning e’tiborini Kiyevning Mar-a-Lagoda bo‘lib o‘tgan AQSH-Ukraina muzokaralaridan so‘ng deyarli darhol sodir bo‘lgan hujumiga qaratgan va bu eng jiddiy javobsiz qolmasligi haqida ogohlantirgan. Rossiya rahbari shuningdek, Amerika rahbariga Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralardagi Rossiyaning pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqilishini aytgan.
AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi esa Ukrainani Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Novgorod viloyati – Valdaydagi qarorgohiga hujum qilishga uringan, deb hisoblamaydi. MRB xulosasiga ko‘ra, 29 dekabrga o‘tar kechasi ukrain dronlari Putinning qarorgohi joylashgan hudud bilan bir mintaqadagi harbiy ob’ektga zarba berishga uringan, biroq ushbu ob’ekt qarorgohga yaqin joylashmagan.
MRB direktori Jon Retkliff razvedka xulosalarini AQSH Prezidenti Donald Trampga yetkazgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida “New York Post” gazetasining tahririy maqolasiga havola e’lon qilgan. Unda Ukraina Putinning qarorgohiga zarba bermagani aytilgan. Tramp ushbu havolani maqola sarlavhasi – “Putinning “hujum” haqidagi shov-shuvli bayonotlari aynan Rossiya tinchlikka to‘sqinlik qilayotganini ko‘rsatadi” bilan birga joylashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilib, aytilayotgan ushbu hujum qilishga urinishni qoralagan edi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025