Rahbarlarga davlat tilini bilish bo‘yicha sertifikat olish majburiy etib belgilanmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2021 yil 1 apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tizimi joriy etilish kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatni joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasida so‘z boradi. Qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi

Qabul qilinishi kutilayotgan qaror bilan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab rahbar kadrlar hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lishi majburiy etib belgilanadi. 

Rahbar kadrlar hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etish uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi(keyingi o‘rinlarda – Markaz)da o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarida malaka oshirishlari talab etiladi.

Rahbar kadrlar hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga sertifikat berish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi. 

Shuningdek, rahbar kadrlar hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun tuziladigan test topshiriqlari Markaz o‘quv dasturiga muvofiq shakllantiriladi.

Bunda, test topshiriqlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan tasdiqlangan talab asosida Markaz tavsiya etgan mutaxassislar tomonidan shakllantiriladi.

Qaror bilan: 

•    rahbar kadrlar hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom;

•    davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatining davlat namunasi tasdiqlanadi. 

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Musayev zimmasiga yuklanadi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 20 oktyabr kuni “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

davlat tili

Baholaganlar

37

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing