Ortiqxo‘jayev maoshi, Ahmet Demir va “Chorsu” mehmonxonasi haqida nimalar deydi?

Jamiyat

image

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 3,2 mln so‘m maosh oladi. Bu haqda hokim “Alter Ego” bilan intervyuda aytib o‘tdi

Hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev suhbat davomida bir-biridan qiziqarli masalalarga shaxsiy munosabatini bildirgan. Jumladan, Ortiqxo‘jayev davlat xizmatchisining ish haqi ideal holatda qanday bo‘lishi kerakligi haqida fikr bildirib, O‘zbekistonda buni aniqlash imkonsiz ekanligini aytib o‘tdi.

“Ish haqi qanchalik yuqori bo‘lsa, xarajatlar ham shunchalik ko‘p bo‘ladi. Ba’zan hayron qolaman. Odamlar biroz ko‘proq pul topa boshlasa, katta-katta to‘ylar qilgisi keladi. Agar ikki qavatli uyda yashasa, uch qavatlisini quradi. Uch qavatli uyi bo‘lsa, dala hovli oladi”, deb aniqlik kiritgan shahar hokimi Ortiqxo‘jayev.

Hokim yirik biznes va hokimiyatni boshqarishda qanday tafovutlar mavjudligi haqidagi fikrlarini aytib o‘tdi.

– To‘g‘risini aytsam, hech qanday farqi yo‘q. Faqat hokimiyat juda katta kompaniya. Kichik firmada ham hal etilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy va boshqa muammolar bo‘ladi. Hokimiyatda ham shunday. Faqatgina hokimiyatda boshqaruvchilar hamda bir odamga aloqador bo‘lmagan hal etilishi zarur masalalar juda ko‘p.

Bundan bir necha oy avval turk ishbilarmoni Ahmet Demir “Chorsu” mehmonxonasini ta’mirlash uchun kredit ololmayotganida hokimiyat organlarini ayblagandi. Jahongir Ortiqxo‘jayev turkiyalik tadbirkor ishi bo‘yicha ba’zi ma’lumotlarni aytib o‘tdi.

– Bu men hokim bo‘lishimdan oldin boshlangan ish. Men ishlarni davom ettirdim. Ahmet Demir O‘zbekistonga ikkinchi marta kelib, “Chorsu” mehmonxonasiga 30 mln dollar investitsiya kiritmoqchiligini aytdi. Unga tekinga mehmonxona berildi. Ikki yil o‘tdi, hech nima qilinmadi. Demir bilan gaplashdim. U, menga 2 gektar maydondagi “Chorsu”ni berishdi, ammo yana 3 gektar yer kerak, dedi. Men Demirga sen hech bo‘lmasa avval binoning tashqi qismini ta’mirla, keyin ikkinchi bosqichni gaplashamiz, dedim. U esa qat’iy turib oldi. Aytishicha, Demir amerikalik investitsion kompaniya bilan kelishgan. Ular 5 gektarda bir kompleks qurishni rejalashtirgan. Shunda Demir amerikaliklardan 30 mln dollar olishi mumkin bo‘ladi. U qonunchilikka ko‘ra, investitsiya majburiyati bilan o‘ziga berilgan binoni qandaydir amerikalik kompaniyaga garov evaziga berish huquqiga ega emas. O‘ylashimcha, uning puli yo‘q.

Ma’lumot uchun, Ahmet Demir “Chorsu” mehmonxonasini 350 xonali qilib, to‘rt yulduzli mehmonxonaga aylantirishni rejalashtirgan. Loyiha 1,1 million o‘rinli mehmonxona tarmoqlariga ega “Marius” kompaniyasi mutaxassislari ko‘magida ishlab chiqilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev

Baholaganlar

179

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing