Aripov va Nizomiddinov Prezidentning topshirig‘ini qachon bajaradi?
Jamiyat
−
04 avgust 2019
16677Prezident to‘g‘ri aytdi: “snos” bugungi islohotlar davrida O‘zbekistonning yuzidagi navbatdagi dog‘ bo‘ldi. Majburiy mehnat, bolalar mehnati, paxta kabi muammolardan endigina qutulib, qaddimizni tutishni boshlaganimizda, hokimlarning manmanligi, xalq dardidan uzilib qolishi oqibatida dunyoga yana bir sharmandali holat bilan yuzlandik.
Kecha, 3 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga qarata aytgan tanqidiy gaplari ijtimoiy tarmoqlarda yashin tezligida tarqaldi. Davlat rahbari ular xalqdan uzr so‘rashi, qilgan xatosi uchun javob berishi kerakligini aytdi va buni qanday amalga oshirish bo‘yicha ham aniq topshiriq berdi.
“Butun elga aytsin: O‘zbekistonni unday deb o‘ylamanglar, men ahmoqlik qilganman, men xiyonat qilganman, deb. Millat emas, mamlakat emas, davlat emas, deb. Kerak bo‘lsa o‘sha blogerlarni yig‘sin, blogerlarga o‘zlari hisobot berishsin”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
Bugun, 4 avgust internetda vallomatlar – Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev va Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev go‘yoki Prezidentning aytganini bajarib, xalqdan uzr so‘rab chiqdi. Kulgulisi Ro‘ziyevning atrofida xalq emas, uning xodimlarini ko‘rish mumkin. U xalqdan uzr so‘raganmi yo xodimlariga ertak aytgan?
Bu ham mayli. Davlat rahbari sellektor yig‘ilishida kimnidir ishdan olib, javobgarlikka tortish kerak bo‘lsa, advokatlar paydo bo‘lib qolishini alohida qayd etgandi. Go‘yo bunday hodisa yana Prezidentning hokimlarni ishdan olib bilan bog‘liq topshirig‘iga kelganda ham davom etayotgandek.
Prezident Mirziyoyev yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga va Prezident Administratsiyasi raisi Zaynilobiddin Nizomiddinovga “Bu masalalar hali tinchigani yo‘q. Shuning uchun Aripov va Nizomiddinovga topshiriq: qaysi viloyat hokimini ishdan olish bo‘yicha taklif berasizlar”, degan edi. Bu shunchaki gap emas, balki bo‘lib o‘tgan ishlarni bosdi-bosdi qilib yubormaslikning aniq yo‘li edi. Oradan vaqt o‘tdi, bu orada ikki hokim uzr so‘rab chiqdi. Uchinchisi, kechagi audionutqdan hamon o‘ziga kelmagan ko‘rinadi.
Xo‘sh, Hukumat raisi Aripov va Prezident Administratsiyasi Nizomiddinov Prezidentga qaysi hokimni lavozimidan ozod etish bo‘yicha qachon taklif kiritadi? Temirni qizig‘ida bosish kerak emasmi? Ularning aybi, xatosini topish uchun oylab taftish o‘tkazish, tergov va surishtiruv qilish shart emas. Hammasi xalqning ko‘z o‘ngida. Xatolar Ashxobodda qurilgan chodirlar, rishtonliklarning ohu nolalari, yoqib yuborilgan yakkabog‘lik hokim misolida aniq va ravshan. Hokimlarning advokatlari ishga tushmasidan, Prezidentning topshirig‘i bajarilishini, aybdorlar aybiga yarasha jazosini olishini xalq kutyapti, biz ham kutyapmiz.
Darvoqe. sobiq Bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayevni eslasangiz kerak. U hokim o‘rinbosarlarini ariqqa tushirgani majburiy mehnat sifatida baholanib, lavozimidan ozod etilgandi. Holbuki, uning xatti-harakatidan 4-5 kishi zarar ko‘rgandi, butun mahalla, butun tuman yo butun viloyat emas. Odamlarning guldek uyini, qozonini qaynatib turgan biznesini buzganlarning Mirzayevdan nima ortiq joyi bor?
LiveBarchasi