Koronavirus O‘zbekistonga kirib keldimi? SSV bayonot bilan chiqdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasi O‘zbekistonga kirib kelganligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emas. Ular mutlaqo yolg‘on bo‘lib, ayni paytga qadar mamlakatda koronavirus kasalligi umuman qayd etilmagan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasiga yuqumli kasalliklar, jumladan, “COVID-19” koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralaridagi mavjud 53 ta sanitariya-karantin punktida qat’iy nazorat o‘rnatilgan. Ushbu punktlar zamonaviy tibbiy jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi nazorat tadbirlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan xalqaro tibbiy sanitariya talablari asosida amalga oshirilmoqda. Bu borada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda mahalliy mutasaddi vazirlik va idoralar bilan ham hamkorikda tizimli faoliyat olib borilmoqda.

“Afsuski, yuqoridagi kabi yolg‘on xabarlar aholining sarosimaga tushishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirga tushmasliklarini, agar ushbu holat bilan bog‘liq savollar bo‘lsa, vazirlik huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining (71) 276-46-65, (71) 276-49-66 telefon raqamlariga murojaat qilishlarini so‘raydi”, deyiladi SSV bayonotida.
 


Maqola muallifi

Teglar

SSV koronavirus

Baholaganlar

1205

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing