QALAMPIR.UZ jurnalisti “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi

Jamiyat

image

QALAMPIR.UZ internet nashri bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 25 yilligi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 10 yilligi hamda Xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlagan konferensiya doirasida inson huquqi faollarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Unda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi amaliy ishlari, inson huquqlarini himoya qilish bo‘ycha nodavlat tashkilotdagi faoliyati, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari targ‘iboti, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va ilmiy tadqiqotlari, ekologik huquqlarni himoya qilish, shuningdek, inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun bir guruh faollar ham taqdirlandi.

 Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi amaliy ishlari uchun 

•  Murodulla Normuradov – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsman) Qashqadaryo viloyati Mintaqaviy vakili;

•  Dilmurod Kasimov – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil;

Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat tashkilotlar faoliyati uchun

•  O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi;
•  Zebiniso Muhamedova – O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i; 

Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishga qo‘shgan hissasi uchun 

•  Inqilob Yusupova – Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi raisi;
•  Renata Vinter – BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi (2013-2020 yillar);

Inson huquqlarini targ‘ib qilish faoliyati uchun 

•  Feruzaxon Najmiddinova – “Qalampir.uz” internet-nashri jurnalisti;
•  Farhod Normatov – “Adolat ko‘zgusi” gazetasi bosh muharriri; 

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ilmiy tadqiqotlari uchun 

•  Mixail Fedotov – “Oliy iqtisodiyot maktabi” milliy tadqiqot universiteti yuridik fakulteti professori (Rossiya), Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengashining sobiq raisi;
•  Ziyodulla Muqimov – Samarqand davlat universiteti yuridik fakulteti professori, yuridik fanlar doktori;

Ekologik huquqlarni himoya qilishga qo‘shgan hissasi uchun 

•  “Ekomaktab” ekologik-resurs markazi;
•  Nargis Kosimova –
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti media va kommunikatsiya fakulteti dotsenti, ekojurnalist;

Inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun 

•  Tomas Kunse – Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Rossiya bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi vakili;
•  Elizabet Klark – AQSHning Brigama Yanga universiteti Huquq va dinni o‘rganish xalqaro markazi direktorining o‘rinbosari.

Ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni asosida ta’sis etilgan.

“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni har yili 10 dekabr — Xalqaro inson huquqlari kunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori tomonidan tantanali ravishda o‘z egalariga topshiriladi.

Ilk topshirilayotgan ushbu ko‘krak nishoni sohib va sohibalari orasida QALAMPIR.UZ bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinovaning ham borligi O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi mustahkamlanib borayotgani, inson huquqlarini himoya qilish borasida mehnat qilayotgan jurnalistlarning sa’y-harakatlari nfaqat tazyiqlarga uchrashi, vaqti-vaqti bilan mukofotlanib turilishini ham ko‘rsatadi. 

Ma’lumot o‘rnida, Feruza Murodulla qizi Najmiddinova 1992 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Ma’lumoti – oliy. 2011-2015 yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bakalavriatini, 2015-2017 yillarda magistraturani tamomlagan. 

Najmiddinova 2019 yilning mart oyidan buyon QALAMPIR.UZ internet nashri muxbiri o‘laroq faoliyat boshladi. Ayni vaqtda nashr Bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Inson huquqlarini ta’minlash, bolalar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamining huquq va erkinliklarini himoya qilish, ayollarga qarshi zo‘ravonlikka qarshi kurash, gender tengligini ta’minlash kabi masalalar Feruza Najmiddinova tayyorlagan maqola, lavha, intervyu va reportajlarning bosh mavzusi bo‘lib kelmoqda. 

Feruza Najmiddinova bugungacha jamoatchilik uchun muhim mavzularda 500 ga yaqin ijodiy ishlar – maqola, reportaj, lavha va intervyularni taqdim etgan. Ularning har biri o‘quvchilar orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, Najmiddinova qariyb 30 yil davomida mustamlakada bo‘lib kelgan Tog‘li Qorabog‘ning minalangan hududlariga kirib borgan birinchi o‘zbek jurnalisti sanaladi. Uning joriy yil may oyida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi muammoli hudud bo‘lgan Qorabog‘dan tayyorlagan jurnalistik materiallari o‘quvchilar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. 

Uning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi – Gender tenglikni ta’minlash komissiyasi raisi Tanzila Norbayeva, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Umida Abdullayeva, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha sobiq vakili Ulug‘bek Muhammadiyev o‘tkazgan suhbatlari dolzarbligi bilan alohida ahamiyatga ega.

Feruza Najmiddinova 2021 yil O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovida g‘olib bo‘lgan. Shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi esdalik nishoni bilan taqdirlangan.


Maqola muallifi

Teglar

jurnalist Inson huquqi o'z va matbuot erkinligi

Baholaganlar

43

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing