QALAMPIR.UZ xodimi “Yilning eng faol jurnalisti” deb topildi

Jamiyat

image

QALAMPIR.UZ internet nashri bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovida g‘olib bo‘ldi. 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati tanlov g‘oliblari va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. 
 
Taqdirlash marosimida mamlakat mediastrukturalari, ommaviy axborot vositalari  vakillari, sohada uzoq yillar faoliyat olib  borgan faxriy jurnalistlar qatnashdi. 

“Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi respublika miqyosidagi  tanlov bo‘lib,  jurnalistikaning  barcha yo‘nalishlarida – televideniye, radio, bosma OAV, internet, fotojurnalistika  sohasida tahririyatlar  tomonidan  tavsiya etilgan nomzodlar  orasidan eng faol jurnalistlar aniqlanadi.  

 “Yilning eng faol jurnalisti”  respublika  tanlovi o‘tkazila boshlangan 1997 yildan beri  600 ga yaqin faol jurnalist  taqdirlandi. Marosimda qayd etilganidek, bu yilgi tanlovda 180 ga yaqin  jurnalistlar tomonidan 2000 dan ziyod ijodiy ish taqdim etilgan. Jumladan QALAMPIR.UZ internet nashrida faoliyat yuritib kelayotgan Feruza Najmiddinova ham eng dolzarb muammolar haqidagi materiallari bilan ishtirok etdi. 

Ma’lumot uchun, Feruza Najmiddinova 1992 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Ma’lumoti – oliy. 2011-2015 yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat intituti bakalavriatini, 2015-2017 yillarda magistraturani tamomlagan. 

Najmiddinova 2019 yilning mart oyida buyon QALAMPIR.UZ internet nashri muxbiri o‘laroq faoliyat boshladi. Ayni vaqtda nashr Bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. 

Inson huquqlarini ta’minlash, bolalar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamining huquq va erkinliklarini himoya qilish, ayollarga qarshi zo‘ravonlikka qarshi kurash, gender tengligini ta’minlash kabi masalalar Feruza Najmiddinova tayyorlagan maqola, lavha, intervyu va reportajlarning bosh mavzusi bo‘lib kelmoqda. 

Feruza Najmiddinova bugungacha jamoatchilik uchun muhim mavzularda 500 ga yaqin ijodiy ishlar – maqola, reportaj, lavha va intervyularni taqdim etgan. Ularning har biri o‘quvchilar orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, Najmiddinova qariyb 30 yil davomida mustamlakada bo‘lib kelgan Tog‘li Qorabog‘ning minalangan hududlariga kirib borgan birinchi o‘zbek jurnalisti sanaladi. Uning joriy yil may oyida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi muammoli hudud bo‘lgan Qorabog‘dan tayyorlagan jurnalistik materiallari o‘quvchilar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. 

Uning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi – Gender tenglikni ta’minlash komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Umida Abdullayeva, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov, Oliy Majlisning inson huquqlari buyicha sobiq vakili Ulug‘bek Muhammadiyev o‘tkazgan suhbatlari dolzarbligi bilan alohida ahamiyatga ega.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

157

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing