QALAMPIR.UZ muxbiri sud majlisiga kiritilmadi. Prezident gapi yerda qoldimi?
Tahlil
−
22 yanvar 2020
14901Bugun, 22 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida ko‘rilayotgan ochiq sud majlisiga QALAMPIR.UZ muxbiri Zafarbek Solijonov kiritilmadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida Bekobodda joylashgan metallurgiya kombinatiga doir jinoyat ishi ko‘rilayotgandi. Bu sud ishida OAV vakili sifatida ikki marta kuzatuvchi sifatida qatnashgandik. Bugun ham xizmat guvohnomasi va shaxsni tasdiqlovchi hujjat – pasport bilan mazkur sudga bordik. Sud boshlanishidan bir necha daqiqa avval borib ish boshlanishini kutib turdik. Sud jarayoni boshlanish vaqti kelishi bilan uyali aloqa telefonini tegishli ichki ishlar formasidagi Milliy gvardiya xodimlariga topshirib, ochiq sud majlisiga kirmoqchi bo‘ldik.
Biroq sud zaliga kiraverishda sud yordamchilari jurnalist ishda ishtirok etishi uchun sudga raislik qiluvchining ruxsati kerakligini aytdi. Biz “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasida jurnalistning huquqlari keltirilgani, unga ko‘ra, jurnalist har qanday ochiq sud majlisida hozir bo‘lish huquqiga ega ekani va bunda raislik qiluvchining ruxsati so‘ralmasligini aytdik.
Shuningdek, agar jurnalist sud jarayonida diktofon, videokamera va boshqalardan foydalanadigan bo‘lsagina raislik qiluvchining ruxsati talab etilishini tushuntirdik. Ichki ishlar formasidagi Milliy gvardiya xodimlari, sud yordamchilari va bizning o‘rtamizda bir muddat tortishuv bo‘lib o‘tdi. Bu vaqtda ishni ko‘rayotgan sudya Xayriddin Shermuhamedov bizni 3-4 qadam narida kuzatib turdi, lekin jarayonga aralashmadi, fikr ham bildirmadi.
Sud zaliga barcha ishtirok etuvchilar kirdi va raislik qiluvchi Shermuhamedov pinagini buzmay sud ishini boshlab yubordi. Biz yana tortishuvni davom ettirgach, sud yordamchilaridan biri sudyaning yoniga bordi va undan jarayonga kirishimizga ruxsat so‘radi. Ammo sudya Shermuhamedov jarayonni allaqachon boshlagani va jurnalist vaqtida kelmaganini aytdi. Vaholanki, sud jarayoni boshlanishidan bir necha daqiqa avval o‘sha yerda hozir bo‘lgandik, sud yordamchilari uni xabardor qilishgandi va unga holat to‘liq ma’lum edi.
O‘z-o‘zidan bizda bir qancha savollar paydo bo‘lmoqda: nega shu vaqtgacha barcha sud jarayonlariga kiritilayotgan jurnalist aynan bunisiga kiritilmadi? Nega sudya Shermuhamedov jurnalist sudga kirishi uchun bahslashayotgan vaqtida vaziyatni ko‘ra-bila turib aralashmadi? Hech qaysi qonunda ochiq sud jarayoni boshlangach, jurnalist unga kirishi mumkin emas, deb yozib qo‘yilmagan. Nega jarayonda texnikalarsiz oddiygina kuzatuvchi sifatida qatnashishni maqsad qilgan jurnalistga shuncha qarshilik bo‘lmoqda? Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida faoliyat yuritayotgan ayrim xodimlar qonunlardan bexabarmi? Mas’ullar bunga qanday chora ko‘radi?
Savollar ko‘p, javoblar esa yo‘q. QALAMPIR.UZ mazkur holat bo‘yicha rasmiylardan izoh talab qiladi va chora ko‘rilishini so‘raydi. Jumladan, Oliy sud sudlarda jurnalistlarga nisbatan bu kabi qonunsizlik va ularning huquqlari poymol qilinishiga chek qo‘yishda Bosh yetakchi bo‘lmas ekan, hali-beri sudlarga ishonch ortmaydi. Qonunlar ijrosi esa bugungidek o‘lda-jo‘lda qolib ketaveradi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr