Putinning NATO bilan urushi nimalarga olib keladi?
Olam
−
24 iyun
9711Rossiya NATO davlatlariga qarshi urushga ikki yildan besh yilgacha muddatda tayyor bo‘lishi va bu urush jahon iqtisodiyotiga 1,5 trln dollarga tushishi mumkin. Bu haqda “Bloomberg Economics” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin orzu qilayotgan sovet qudratini tiklash yo‘lidagi navbatdagi agressiyaning ehtimoliy nishoni Boltiqbo‘yi respublikalari bo‘lishi mumkin. Hatto agar AQSH Prezidenti Donald Trampning administratsiyasi NATOdagi ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlamasa ham, ularning himoyasiga boshqa Yevropa davlatlari chiqadi.
“Bloomberg” tahlilchilari tomonidan Putinning yana bir urushi jahon iqtisodiyotiga qanday zarar yetkazishi mumkinligi hisoblab chiqilgan. Unga ko‘ra, urush harakatlari zonalaridagi vayronagarchiliklar, Rossiyadan ta’minot to‘xtashi sababli energiya narxlarining oshishi, moliya bozorlaridagi qulash oqibatida global YAIM birinchi yildayoq 1,3 foizga yoki 1,5 trillion dollarga kamayishi mumkin. Bu 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga to‘liq bostirib kirishi oqibatidagi global YAIMdagi 1,5 foizlik yo‘qotishlarga teng.
Biroq yo‘qotishlar teng taqsimlanmaydi. Eng katta zarbani Boltiqbo‘yi davlatlari oladi – ularning YAIM 43,4 foizga tushishi mumkin (solishtirish uchun – Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilda Ukrainada bu ko‘rsatkich 28,8 foiz bo‘lgan). Urushga jalb qilinishi mumkin bo‘lgan boshqa Yevropa davlatlari, jumladan, Finlyandiya, Shvetsiya, Polsha va Germaniya ham sezilarli zararga duch keladi.
“Bloomberg” ma’lumotiga ko‘ra, Yevroittifoqning umumiy YAIMi 1,2 foizga qisqaradi: mudofaa xarajatlarining oshishi energiya narxlari, infratuzilma zararlari va bozor silkinishlari tufayli yuzaga keladigan yo‘qotishlarni bir qadar yumshatadi.
Rossiya esa o‘z iqtisodiyotidan 1 foiz yo‘qotadi, chunki mamlakat allaqachon sezilarli darajada yakkalangan, sanksiyalarga moslashgan va iqtisodiy pasayish harbiy sanoat orqali qisman qoplangan bo‘ladi. AQSHda moliyaviy bozorlar notinchligi YAIMning 0,7 foizini, Xitoyda esa moliyaviy sharoitlarning keskinlashishi va energiya narxlarining oshishi 0,8 foiz YAIMni “olib qo‘yadi”.
Agar urush boshqa Yevropa davlatlariga yoyilsa, yo‘qotishlar ancha ortadi. AQSHning tezkor harbiy yordamisiz mojaro keskinlashishi mumkin. Rossiya Boltiqbo‘yi davlatlariga qo‘shin kiritishga urinsa, Boltiq dengizi ustidan nazoratni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lsa yoki Kaliningrad viloyatini Belarus bilan bog‘lovchi Suvalkiy yo‘lagini (Litva va Polsha orasidagi hudud) egallashga harakat qilsa, yaqin atrofdagi Yevropa davlatlari urushga kirishadi. Rossiya esa Yevropadagi harbiy bazalarga, infratuzilma ob’ektlari va shaharlariga raketa hujumlari uyushtirishi, quvurlar va aloqa kabellariga zarar yetkazish maqsadida amaliyotlar o‘tkazishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO Yevropadagi a’zo davlatlardan Rossiya tajovuzi tahdidiga javoban muhim bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida yerusti havo mudofaasi salohiyatini 5 baravarga oshirishni so‘rayotgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi