Putinning qarori jazosiz qolmasligi kerak – Shols
Olam
−
22 fevral 2022
9925Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiyaning Donetsk va Lugansk xalq respublikalari (DXR va LPR) bo‘lginchilarini tan olishi fonida “Shimoliy oqim – 2” gaz quvurini sertifikatlash jarayonini to‘xtatish haqida ko‘rsatma berdi. Kansler bu qarorni bugun, 22 fevral kuni Berlinda Irlandiya Bosh vaziri Mixol Martin bilan uchrashuv oldidan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida shaxsan e’lon qilgan.
Shols Rossiyaning DXR va LXR tan olish qarorini tanqid qildi.
“Bu xalqaro huquqning jiddiy buzilishidir. Putin ham BMT Nizomini buzmoqda”, deydi u.
Kanslerning fikricha, bunday harakatlar jazosiz qolmasligi kerak.
Uning qayd etishicha, Yevropa Ittifoqi bir kun ichida birinchi “sanksiyalar paketi” haqida qaror qabul qiladi. Bu “Shimoliy oqim – 2” gaz quvuriga ham tegishli.
"Men nemis energiya bozorini tartibga soluvchi organga Rossiya-Germaniya gaz quvurini sertifikatlash jarayonini keyingi ko‘rib chiqilgunga qadar to‘xtatib turishni buyurdim", deydi Shols
Kansler bu masala avvalroq Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Xabek bilan muhokama qilinganini eslatdi.
“Endi bu masalani qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi”, deydi u.
Germaniya kansleri Parij va Berlin Ukraina inqirozini hal qilish masalasida Normand formatini saqlab qolish tarafdori ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot o‘rnida, “Shimoliy oqim-2” loyihasi Boltiq dengizi tubi bo‘ylab har birining uzunligi 1,2 ming kilometrdan ortiq bo‘lgan ikkita gaz quvur liniyasini qurishga asoslangan. Ular orqali Rossiya, Germaniya, Finlyandiya, Shvetsiya va Daniya dengiz hududlaridan Germaniyaga gaz yetkazib beriladi. Loyiha “Shimoliy oqim-2” AG tomonidan boshqariladi (uning yagona aksiyadori — “Gazprom”). Quvurning birinchi qatorini qurish ishlari, allaqachon, yakunlangan. Ikkinchi quvurni yotqizishni avgustga qadar yakunlash rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.
Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.
Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.
Qolaversa, bugun, 22 fevral kuni Yevropa Ittifoqi Rossiya armiyasini moliyalashtirgan uchta bankka nisbatan sanksiyalar joriy qilishi kutilmoqda.