“Putinning Guterrish va Erdo‘g‘an yuziga tupurishidir”. Ukraina Rossiyani kelishuvni buzishda aybladi

Olam

image
0:00
0:00
download

Bugun, 23 iyul kuni ertalab Rossiya harbiylari Odessa dengiz savdo portiga “Kalibr” raketalari bilan hujum uyushtirdi, deb xabar berdi Ukraina Qurolli Kuchlarining “Janub” operativ qo‘mondonligi.

Ukraina harbiylariga ko‘ra, ikkita raketa port infratuzilmasiga zarar yetkazgan, yana ikkita raketa havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan urib tushirilgan.

Rossiya rasmiylari hozircha bu hodisaga munosabat bildirmadi.

Zarba Ukraina g‘allasini dengiz orqali, shu jumladan Odessa portidan eksport qilish bo‘yicha kelishuvlar tuzilganidan bir kun o‘tib berildi.

Hujjatning Ukraina versiyasida tomonlarning, jumladan, kelishuvga oid bo‘lgan port ob’ektlariga ham hujum qilmasligi aytilgan. Ukraina harbiy-havo kuchlari vakilining aytishicha, zarba portning don joylashgan qismiga berilgan.

“Rossiya raketasi Vladimir Putinning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an yuziga tupurishidir, ular kelishuvga erishish uchun katta sa’y-harakatlar qilgan va buning uchun Ukraina minnatdor”, deya bayonot berdi Ukraina Tashqi ishlar vazirligi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar va Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Istanbulda tuzilgan shartnomalar Odessa, Chernomorsk va Yujniy portlaridan don eksportini boshlashni nazarda tutadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

369

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing