Putinning do‘sti unga Ukraina urushidagi xatolarni ochiq aytgan – WP
Olam
−
25 Oktabr 2022
16280Oktyabr oyi boshida “The Washington Post” gazetasi Amerika razvedkasi tomonidan qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarga tayanib, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining atrofidagi shaxs Vladimir Putinga Ukrainadagi urushda yo‘l qo‘yilgan xatolar haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirganini yozgan edi. O‘shanda razvedka hisobotida Putinning prezidentni tanqid qilishga jurat etgan yaqin sherigi nomi ko‘rsatilgan, biroq bu jurnalistlarga ma’lum qilinmagan.
“The Washington Post” gazetasi razvedka hisobotida kim tilga olinganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. AQSH hukumatidagi hisobotdan xabardor manbaning nashrga aytishicha, bu biznesmen, “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) asoschisi Yevgeniy Prigojin bo‘lgan.
Nashr manbasiga ko‘ra, Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligi “Vagner” XHK zimmasiga haddan tashqari ko‘p majburiyatlarni yuklayotgani, shu bilan birga xususiy harbiy kompaniyaga o‘z vazifalarini bajarishi uchun yetarli moliyaviy va moddiy resurslar ajratmayotganidan noroziligini bildirgan.
Nashr manbasining qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlarda “Vagner” XHK jangchilari oziq-ovqat va jihozlar yetishmasligidan shikoyat qilgan video tarqaldi. Manbaning aytishicha, video Kremlni yollanma askarlarga ko‘proq mablag‘ ajratishga majburlash uchun sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkin.
Yevgeniy Prigojin “Konkord” kompaniyasi matbuot xizmati orqali “The Washington Post” nashriga u Putin bilan “yaqin orada” shaxsan muloqot qilmaganini, shuningdek, Ukrainadagi mojaro paytida “Rossiya Qurolli Kuchlari rahbariyatini tanqid qilmaganini” aytgan. Prigojin, shuningdek, “Vagner” XHK jangchilari oziq-ovqat va materiallar yetishmasligidan shikoyat qilgan yozuvni ko‘rmaganligini bildirgan.
“Konkord” kompaniyasi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan sharhda Prigojin “The Washington Post” jurnalistlarini “oshxonada g‘iybat va spekulyatsiya to‘playdigan isterik bozor ayollariga o‘xshamaslikka, shuningdek, kulgili provokatsion materiallarni nashr etish orqali qandaydir ma’lumot maydonini yaratishga harakat qilmaslikka chaqirgan.
LiveBarchasi