Putinni la’natlagan rossiyalik deputat qidirilmoqda

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni tanqid qilgan va Ukrainadagi urushga qarshi chiqqan Perm shahar dumasi deputati Sergey Medvedev xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqda “Meduza” ma’lum qildi.

Nashrning huquq-tartibot idoralariga yaqin manbasi iddao qilishicha, Medvedev joriy yilning 13 yanvar kuni Rossiyani tark etib, Qozog‘istonga o‘tib ketgan.

15 yanvar kuni deputatning o‘zi "59.ru" sayti muxbiri bilan suhbatda mamlakatni tark etmaganini aytgan, biroq qayerdaligini aniqlashtirishdan bosh tortgan. Shuningdek, Medvedev o‘zini Permning Leninskiy tumani politsiyasi ham suhbatga chaqirganini aytgan. 


Gap shundaki, deputat 2023 yilning 31 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda "Maxsus harbiy operatsiya" va mamlakat prezidentini tanqid qilgan postini e’lon qilgan. 

“Bu qirg‘inni uyushtirgan maxluqqa la’nat bo‘lsin! Yuz minglab odamlarning halok bo‘lishida aybdorlar shafqatsiz jazolanishi kerak! Rossiyada nima bo‘layotganini ko‘rish dahshatli. G‘azabdan jinni bo‘lganlar – aldanganlar, o‘zingizga keling! Rossiya, uyg‘on! Seni o‘ldirishyapti!", deb yozgan u.

Deputat 11 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasidan chiqarib yuborilgan. 

Manbaning ta’kidlashicha, Medvedev oxirgi deputatlar yig‘ilishida ham ishtirok etmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning dekabr oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi, muxolifatchi Aleksey Navalniy birdan g‘oyib bo‘lib qolgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

qidiruv Vladimir Putin deputat Sergey Medvedev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing