Putinga qarshi bo‘lgan bolakay besh yilga qamaldi
Olam
−
21 iyun
1827515 yoshli maktab o‘quvchisi Arseniy Turbin Prezident Vladimir Putinni tanqid qiluvchi varaqalar tarqatgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda 20 iyun kuni “Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash” Telegram-kanali xabar berdi.
Rossiyada sud Orlov viloyatining Livniy shahrida yashovchi 15 yoshli maktab o‘quvchisi Arseniy Turbinni mamlakatda terrorchi tashkilot sifatida ro‘yxatga olingan va taqiqlangan “Rossiya ozodligi legioni”ga xizmat qilganlikda aybdor deb topgan. Biroq Inson huquqlari faollariga ko‘ra, o‘smirga qo‘yilgan ayblovlar asossiz va u shunchaki siyosiy mahbus hisoblanadi.
Rossiya tergov idoralari esa jamoatchilikka mutlaqo boshqa versiyani taqdim qilmoqda. Unga ko‘ra, Turbin radikal ekstremistik siyosiy qarashlarni shakllantirgan va natijada 2023 yil iyun oyi boshida 14 yoshli Arseniy go‘yoki “Rossiya ozodligi legion”ning Telegram botiga xabar yozgan va anketani to‘ldirgan. Shu tariqa Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, u Rossiya Federatsiyasida terrorchi tashkilot sifatida tan olingan legionga qo‘shilgan va mamlakatda qolib, yo Ukrainaga kelishi yoki terrorchilarga yordam ko‘rsatishi kerak edi. Go‘yoki Turbin 2023 yil iyun-iyul oylarida yashash hududidagi uylarning pochtalariga “Sizga shunday prezident kerakmi?” degan varaqalar tarqatgan.
2023 yil 29 avgust kuni Federal xavfsizlik xizmati xodimlari Turbinlar oilasining xonadonida tintuv o‘tkazdilar. 5 sentyabr kuni Arseniy hibsga olindi va ertasi kuni u litseyga borish imkoniyati bilan uy qamog‘iga yuborildi. 2024 yil 31 mayda ehtiyot chorasi ayrim harakatlarni taqiqlashga o‘zgartirildi.
Yigitning so‘zlariga ko‘ra, u “Rossiya ozodligi legioni”ga qo‘shilmagan. U hech kimning ko‘rsatmasi bilan emas, balki o‘z e’tiqodi asosida varaqalar tarqatgan.
Jamoatchilik faollari o‘smirning Rossiya hukumati tomonidan terrorchi deb topilgan tashkilot bilan aloqasi isbotlanmaganini va unga qo‘yilgan terrorchilik xurujlarini amalga oshirish niyatida bo‘lgan ayblovlar asossiz ekanligini ta’kidlaydi.
“Aslida, Arseniy faqat Putinni tanqid qiluvchi varaqalarni tarqatgan. Ularni esa internetdan yuklab olgan. Biroq prokuratura bu qonuniy harakatlarni “terroristik xususiyat” bilan bog‘laydi, tergov esa ular bilan “Rossiya ozodlik legioni” o‘rtasidagi aloqani isbotlay olmaganlar”, deydi faollar.
LiveBarchasi