Putin Zelenskiyning legitimligi tugaganini aytdi
Olam
−
24 may
18944Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyning qonuniy prezidentlik davri tugaganini va Ukraina bo‘yicha kim bilan muzokara olib borish masalasi bekorga emasligini aytdi. Bu haqda u bugun, 24 may kuni Minskda Rossiya-Belarus muzokaralari yakunida matbuot uchun bergan bayonotida so‘z ochdi.
“Kim bilan muzokara qilishimiz kerak, bu behuda savol emas, biz Ukrainaning amaldagi davlat rahbarining qonuniyligi tugaganidan xabardormiz”, deydi Putin.
Shuningdek, Putin Shveysariyada bo‘lib o‘tadigan konferensiya Zelenskiyning G‘arb hamjamiyati tomonidan qonuniyligini tasdiqlashga qaratilganini aytdi.
“Ammo bu piar qadamlar huquqiy hujjatlar uchun muhim emas. Biz qonuniy hokimiyat bilan ish olib borayotganimizga to‘liq amin bo‘lishimiz kerak”, deydi u.
Shu bilan birga, Putinning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiyning qonuniyligi haqidagi savolga Ukrainaning o‘zida javob topish kerak.
“Biz Ukraina Konstitutsiyasida nima yozilganiga qarashimiz kerak, qaysi davlat organlari Ukraina Konstitutsiyasiga muvofiq saylovlarsiz, saylov tartib-qoidalarisiz uzaytirilishi mumkin va qaysi biri bu huquqlarga ega emas – bu huquqiy tahlil asosida amalga oshirilishi mumkin. Bular Ukraina siyosiy va huquqiy tizimi uchun savollar”, deya xulosa qiladi Rossiya rahbari.
So‘nggi oylarda Rossiya rasmiylari va targ‘ibotchilari bir xil tezisni bir necha bor takrorlab, 2024 yil 20 maydan keyin Vladimir Zelenskiy vakolat muddati tugashi munosabati bilan legitimlikni yo‘qotganligini aytmoqda.
Zelenskiyning prezidentlik muddati haqiqatan ham tugadi, biroq mamlakat konstitutsiyasining 108-moddasida Prezident yangi davlat rahbari saylangunga qadar o‘z vazifalarini bajarishi kerakligi aytilgan. Keng miqyosli urush boshlanishidan oldin navbatdagi saylovlar 2024 yil 31 martda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, biroq harbiy holat tufayli saylovlar qoldirildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq garchi rasmiy ravishda Vladimir Zelenskiyning davlat rahbari sifatidagi vakolati 20 mayda tugagan bo‘lsa ham, BMT uni Ukraina Prezidenti deb hisoblashda davom etishi e’lon qilingandi.
LiveBarchasi