Putin Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini aytdi (video)

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan Moskvada uchrashishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda u bugun, 3 sentyabr kuni to‘rt kunlik Xitoy safari yakunida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy rozi bo‘lsa, muzokaralar Moskvada o‘tkazilishi mumkin. Shu bilan birga, u bunday tashabbus AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilganini ham qayd etgan.

U, shuningdek, har bir davlat o‘z xavfsizlik tizimini tanlash huquqiga ega ekani, biroq bu Rossiya hisobidan bo‘lmasligi kerakligini bildirgan. Putin Rossiyaning asosiy maqsadi – hududlar emas, balki u yerlarda yashovchi odamlarning o‘z tilida gapirish va o‘z madaniyati hamda an’analarini saqlab qolish huquqini himoya qilish ekanini urg‘ulagan.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Moskva bir necha bor muammoni tinch yo‘l bilan hal qilishni taklif qilgan, ammo bu takliflar e’tiborsiz qoldirilgan. Putinning aytishicha, “Rossiya Ukrainaning qilgan ishlariga qaramay, mojaroni muzokaralar orqali tugatish mumkinligiga umid qilmoqda”.

Putin, shuningdek, Trampning tashabbuslarini ham tinchlikka erishish yo‘lidagi “jiddiy urinish” deb bilishini aytgan.

Davlat rahbari Rossiya Qurolli kuchlari barcha yo‘nalishlarda hujumni davom ettirayotgani, biroq ularning asosiy maqsadi belgilangan vazifalarga erishish ekanini qayd etgan. Shu bilan birga, Ukraina armiyasi katta hujum operatsiyalarini olib bora olmayotgani, ularning safi 50 foizga ham to‘lmaganini ta’kidlagan. Putin vaziyat murakkab va beomon ekani, shu bois jiddiy bashoratlar qilish mumkin emasligini qo‘shimcha qilgan.

Qayd etish joiz, Putin va Zelenskiyning uchrashish ehtimoli hali ham so‘roq ostida qolmoqda, chunki ikki davlat rahbari ham uchrashuv uchun bir-biri bajarishni istamaydigan shartlarni o‘rtaga tashlayapti. Masalan, Zelenskiy muzokaralarni Moskvada emas, aksincha, Yevropaning neytral davlatlarida, xususan Shveysariya, Avstriya yoki Turkiyada o‘tkazishni taklif qilgan. Putin esa Yevropaga borishni istamaydi. Qolaversa, hududlar masalasida ham chalkashliklar mavjud. Zelenskiy qonunni pesh qilib, Ukrainaning bir qarichi ham Rossiyaga berilmasligini aytsa, Putin Zelenskiy ayrim hududlardan voz kechishi kerakligini takrorlaydi. Xullas, bu borada ham kelishuv yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, Germaniya kansleri 26 avgust kuni Berlinda Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumanida Rossiya Ukraina bo‘yicha muzokaralarda eski uslubi – vaqtni cho‘zish strategiyasini qo‘llayotgani haqida aytgandi. Unga ko‘ra, Moskva Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy uchrashuvini oldindan belgilangan shartlarga bog‘lab, uni imkonsiz holatga keltirmoqda. Mers bunday talablarni Germaniya ham, Ukraina ham mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan deb hisoblashini ta’kidlagan. Shuningdek, Mers 28 avgust kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvda Rossiya va Ukraina Prezidentlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tmasligi haqida gapirgandi. Makron agar bunday uchrashuv bo‘lmasa, Rossiyaga qarshi javob choralari kuchaytirilishini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Xitoy Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing