Putin Zelenskiy bilan uchrashishga rozi bo‘ldi – Rubio
Olam
−
19 avgust 5501 1 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio kecha, 18 avgust kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Rossiya va Ukraina rahbarlarining uchrashuvini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Rubio ta’kidlaganidek, agar muvaffaqiyatli bo‘lsa, keyingi bosqich uch tomonlama muzokaralar bo‘lib, unda Putin va Zelenskiydan tashqari AQSH Prezidenti Donald Tramp ham ishtirok etadi.
“Putinning “Yaxshi, men Zelenskiy bilan uchrashaman” degani katta voqea”, dedi Rubio.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar Vengriyada o‘tkazilishi mumkinligi xabar qilingandi. Dam olish kunlarida “ko‘ngillilar koalitsiyasi”ning videokonferensiyasida Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni uchrashuv joyi sifatida Rimni, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa Jenevani taklif qilgan.
Ma’lumki, Zelenskiy va Tramp Rimni, ya’ni Vatikanni afzal ko‘radi, Putin esa Jenevani.
Italiya va Shveysariya Tashqi ishlar vazirliklari muzokaralarga mezbonlik qilishga tayyor ekanini ta’kidlamoqda va Yevropa Ittifoqi diplomatlari boshqa joylar, jumladan Budapesht va Xelsinkini ham ko‘rib chiqmoqda.
Live
Barchasi