Putin va Zelenskiy uchrashuvga tayyor emas – Erdo‘g‘an
Olam
−
02 Sentabr 5171 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitidan qaytgach, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy hozircha uchrashuvga tayyor emasligini ma’lum qildi. Bu haqda u “Milliyet” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, sammit doirasidagi uchrashuvda u Putin bilan “adolatli tinchlik” asosida mojaroni tugatish yo‘llarini muhokama qilgan. U Anqara muzokaralar orqali muammoni hal qilish tarafdori ekanini ta’kidlagan.
“Biz bosqichma-bosqich muzokaralar darajasini oshirish tarafdorimiz. Umidni aniq natijalarga aylantirish uchun bu masalani yetakchilar darajasida ko‘tarishimiz zarur”, degan Erdo‘g‘an.
Shuningdek, Turkiya Prezidenti Putin va Zelenskiyning yondashuvlarini ijobiy baholagan. Erdo‘g‘an ularning ikkalasi ham Istanbul muzokaralarini davom ettirish taklifiga “nega endi yo‘q” deya qarashganini, biroq hozircha bunga tayyor emasliklarini aytib o‘tgan. Shuningdek, Turkiya rahbari AQSH Prezidenti Donald Trampning Alyaskadagi sammiti va Oq uyda o‘tgan uchrashuvlari bo‘yicha natijalarni ham Putin va Zelenskiy bilan muhokama qilganini bildirgan.
Erdo‘g‘anning so‘zlari Turkiya Rossiya–Ukraina mojarosida vositachilik rolini davom ettirayotganini ko‘rsatmoqda. Istanbul muzokaralarini qayta jonlantirish va rahbarlar darajasidagi muloqot tinchlikka erishish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi mumkin, biroq tomonlarning hozircha bevosita uchrashuvga tayyor emasligi jarayon qancha vaqt olishini mavhumligicha qoldirmoqda. Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat diplomatik sa’y-harakatlarning davom etishini kutmoqda, Trampning uch tomonlama sammit taklifi esa alohida e’tiborda turibdi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 1 sentyabr kuni Xitoyning Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotining 25-sammiti doirasida turkiyalik mavqedoshi Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgandi. Tomonlar asosiy mintaqaviy masalalarni, xususan, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Transkavkazdagi vaziyatni muhokama qilgan. Rossiya rahbari Anqarani Moskva uchun ishonchli, vaqt sinovidan o‘tgan hamkor deb atagan.
Putin Turkiyaning Ukrainadagi inqirozni hal qilishdagi muhim hissasini eslatgan. O‘z navbatida, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Istanbul muzokaralarini Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal etishga qo‘shgan hissasi deb bilishini aytgan.
Live
Barchasi