Putin va Tramp harbiy bazada uchrashadi
Olam
−
13 avgust 9214 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Alyaskadagi uchrashuvi Elmendorf-Richardson harbiy bazasida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda kecha, 12 avgust kuni manbalariga tayanib, CNN xabar berdi.
Uchrashuvga tayyorgarlik boshlanganidan ko‘p o‘tmay, tashkilotchilar Alyaskadagi sammitni o‘tkazish uchun mos bo‘lgan yagona shahar shtatning eng yirik shahri Ankorij bo‘ladi, degan xulosaga kelgan. Garchi Oq uy Rossiya Prezidenti Amerika harbiy ob’ekti hududiga tushib qoladigan vaziyatdan qochishga umid qilgan bo‘lsada, bu yerda faqat shaharning shimoliy chekkasida joylashgan Elmendorf-Richardson bazasi xavfsizlik talablariga javob bera oladi.
Telekanal suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, uchrashuv o‘tkaziladigan joyni tanlashda Yevropadagi variantlar darhol rad etilgan, chunki Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Putinni hibsga olish uchun order bergan. Shu bilan birga, Vengriya varianti ham ko‘rib chiqilgan, uning Bosh vaziri Viktor Orban ham Putinga, ham Trampga yaqin.
Rossiya Prezidenti Birlashgan Arab Amirliklarini sammit o‘tkazish uchun munosib joy deb atagan bo‘lsa-da, Oq uy Trampning may oyidagi tashrifidan so‘ng Yaqin Sharqqa yana uzoq safardan qochishga umid qilgan. Natijada, amerikalik rasmiylar Putin AQSH hududidagi uchrashuvga rozi bo‘lganidan “hursand bo‘lgan va biroz hayratda qolgan”.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittga ko‘ra, Tramp va Putin uchrashuvning kamida bir qismini yolg‘iz o‘zi, faqat tarjimonlar ishtirokida, maslahatchilar ishtirokisiz o‘tkazadi. Trampning Putin bilan avvalgi ikki uchrashuvida ham yuqori martabali yordamchilari muayyan nuqtalarda bo‘lmagan.
Odatda, bunday sammit oldidan keng ko‘lamli muzokaralar va bir necha oylik tayyorgarlik ko‘riladi, bu safar bunday bo‘lmadi. Trampning o‘zi buni “sinov” uchrashuvi deb bilishini aytdi.
“Prezident “men bu yigit bilan o‘tirishim kerak. Men u bilan shaxsan uchrashishim kerak. Men uni shaxsan eshitishim kerak. Men unga qarab vaziyatga baho berishim kerak” deb his qilmoqda”, dedi AQSH Davlat kotibi Marko Rubio sammit haqida.
CNN xabarida qayd etilishicha, Trampning maxsus elchisi Stiven Uitkoffning Moskvaga tashrif buyurganidan keyin Putinni Tramp bilan uchrashishga nima sabab bo‘lgani deyarli noma’lumligicha qolmoqda. Sammitdan ikki kun oldin, ya’ni bugun, 13 avgust kuni Yevropa yetakchilari va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Tramp bilan telefon orqali gaplashib, Ukrainadagi urushni tugatish yo‘llarini muhokama qilishi kutilmoqda.
Live
Barchasi