Putin Alyaskaga borgan birinchi Rossiya rahbari bo‘ladi

Olam

image
Ukraina Alyaskada yo o‘ladi, yo qoladi – Weekend north_east

Ukraina Alyaskada yo o‘ladi, yo qoladi – Weekend

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH tomonidan 1876 yilda Rossiya imperiyasidan sotib olingan Alyaska shtatiga tashrif buyurgan birinchi Rossiya yetakchisi bo‘ladi.

Putin 15 avgust kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashib, Ukraina va ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Bu uning AQSHga ko‘p yillardan keyingi birinchi tashrifi bo‘ladi. Putinning 2015 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka qilgan safari uning AQSHga so‘nggi tashrifi bo‘lgandi. 

Qo‘shma Shtatlarga o‘tmishda Nikita Xrushchev, Leonid Brejnev, Mixail Gorbachyov, Boris Yelsin va Dmitriy Medvedevlar borgan, biroq Putin Alyaskaga tashrif buyurgan birinchi Rossiya rahbari sifatida tarixda qoladi.

1732 yilda ikki tadqiqotchi Mixail Gvozdev va Ivan Fedorov tomonidan kashf etilgan Alyaska o‘tgan yillar davomida savdogarlar uchun magnitga aylandi. Dastlab, bu hudud Rossiya hududi bo‘lgan va mo‘yna savdosi orqali Rossiya davlatiga daromad keltirgan. 1799 yilda mintaqada Rossiya-Amerika kompaniyasi tashkil etilgan.

Qrim urushi davrida bunday uzoq va geosiyosiy jihatdan nozik mintaqani boshqarish va himoya qilish xarajatlari mumkin bo‘lgan foydadan oshib ketgani ma’lum bo‘ldi. Alyaskani sotish g‘oyasini birinchi marta 1857 yilda Rossiya podshosi Aleksandr II ning ukasi knyaz Konstantin Nikolayevich ilgari surgan. Keyinchalik, podshoh Aleksandr II ning roziligi bilan 1867 yil 30 martda Alyaska Qo‘shma Shtatlarga sotildi. Taxminan 1 518 800 kvadrat kilometrlik hudud uchun Qo‘shma Shtatlar ruslarga 7 200 000 dollar to‘ladi. Bugungi kursda bu miqdor 150 million dollardan oshadi.

Qo‘shma Shtatlar Alyaskani strategik va iqtisodiy salohiyatini baholab, sotib oldi. O‘sha paytdagi AQSH Davlat kotibi Uilyam Syuard ko‘plab amerikaliklar tomonidan muzdan boshqa hech narsa bo‘lmagan uzoq va befoyda yerni sotib olishga sabab bo‘lgani uchun tanqid qilingan va bu holat “Syuardning ahmoqligi“ deb nomlangan. Yillar o‘tib, Alyaska o‘zining oltin, neft, tabiiy gaz, baliqchilik va strategik joylashuvi bilan qimmatli deb topilgach, bu tanqid o‘z o‘rnini “AQSH tarixidagi eng foydali yer sotib olish” haqidagi sharhlarga berdi.

Bering bo‘g‘ozi orqali AQSHning Alyaskasidan Rossiyaning Chukotka yarim oroligacha bo‘lgan masofa 86 kilometrni tashkil qiladi. Bu yerda, Rossiyaning Katta Diomed (Ratmanov) oroli va AQSHning Kichik Diomed oroli o‘rtasidagi 3,8 kilometrlik masofaning o‘rtasida ikki davlat chegarasi joylashgan. Rossiya va AQSH o‘rtasidagi chegarani tashkil etuvchi bu hudud vaqt zonalari o‘zgarib turadigan asosiy nuqtadir. Xalqaro sana chizig‘i bu yerdan o‘tadi. 

Putin-Tramp sammiti AQSH hududida 2025 yilning 15 avgustida, chegaraning narigi tomonida, Rossiyadagi kalendarlarida esa 2025 yilning 16 avgustida bo‘ladi. Ikki davlat o‘rtasidagi masofa qisqa bo‘lishiga qaramay, vaqt farqi 21 soatni tashkil qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Alyaska

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing