Putin va Erdo‘g‘anning muzokaralari yakunlandi
Olam
−
04 Sentabr 2023
11899Sochida Rossiya va Turkiya Prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasidagi muzokaralar kengaytirilgan tarkibda yakunlandi. Bu haqda RBK xabar berdi.
Aytilishicha, delegatsiyalar doirasidagi muzokaralar taxminan bir yarim soat davom etgan, ularda ikki mamlakat hukumatlarining asosiy vazirlari ham qatnashgan. Delegatsiyalarning uchrashuvidan so‘ng Putin va Erdo‘g‘an tor doiradagi muzokaralarni ishchi tushlik chog‘ida davom ettirgan.
Rossiya Prezidenti muzokaralar boshlanishidan oldin Erdo‘g‘an bilan maslahatlashuvlarining mavzularidan biri Turkiyada gaz habini yaratish bo‘lishini aytgan. Putin, shuningdek, don bitimi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishga tayyor ekanini ta’kidlagan.
Erdo‘g‘an esa Rossiya Federatsiyasi bilan Qora dengiz g‘alla tashabbusi masalasida olib boriladigan muzokaralar dunyo va Afrika davlatlari uchun ahamiyatli bo‘lishini aytgan. Bundan tashqari, u Rossiya va Turkiya yiliga 100 milliard dollarlik tovar ayirboshlash sari intilayotganiga ishora qilib, Moskva va Anqara “munosabatlarda mutlaqo boshqa davrni” boshdan kechirayotganini ta’kidlagan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Putin va Erdo‘g‘anning Sochidagi kengaytirilgan muzokaralari juda konstruktiv o‘tganini aytgan. Shuningdek, u uchrashuv yakunlari bo‘yicha hech qanday hujjat imzolash rejalashtirilmaganini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning iyulida Moskva don bitimidan chiqqanidan keyin Erdo‘g‘an Putin bilan uchrashishni rejalashtirgan edi. Anqara Putinning tashrifini avgust oyida kutgan edi, biroq keyinroq Turkiya OAVlarida Erdo‘g‘anning o‘zi Rossiyaga borishi xabar qilindi. Avgust oyi oxirida Rossiya va Turkiya Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Xoqon Fidan tayyorgarlik muzokaralarini o‘tkazdi – Turkiya TIV rahbari don bitimi uchun yangi shartlarni taklif qildi, Lavrov esa “aniq natijalarga ega bo‘lgan kafolatlar” zarurligini bildirdi.
LiveBarchasi