Bobojonov Navoiyda 8 nafar IIV xodimini ishdan oldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Navoiy viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar yakuni bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov, viloyat hokimi Qobul Tursunov, viloyat va shahar-tuman sektor rahbarlari, jumladan, Ichki ishlar, prokuratura, soliq, shuningdek, jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasi uchun mas’ul bo‘lgan barcha davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda asosiy e’tibor 2019 yil davomida va joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga qaratilib, aholi tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning mol-mulklarini ishonchli muhofazalash, yoshlar ishtirokidagi huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.

2019 yil yakuniga ko‘ra Navoiy viloyatida sodir etilgan jinoyatlar soni 10,2 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 11,6 foizga, shu jumladan qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish, talonchilik, o‘g‘irlik, firibgarlik, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari kamaygan. Viloyatning har uchinchi mahallasida jinoyatlar sodir etilmadi, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar, ishsizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kamaygani ta’kidlandi.

Shuningdek, viloyatda kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi hamkorlikdagi ishlarni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi:

– har oyda tuman-shahar sektor rahbarlari tomonidan o‘zining hududida kriminogen vaziyati og‘ir, eng ko‘p jinoyat sodir etilayotgan mahallalar aniqlanib, kelgusida ularning jinoyatchilikni jilovlash borasidagi rejalari bo‘yicha hisoboti viloyat sektor rahbarlari huzurida muhokama qilish tartibini joriy etish;

– jinoyatchilik tahlili 2019 yil mobaynida va 2020 yilning yanvarida jinoyatlar soni oshib ketayotgan Navbahor tumaniga viloyat IIB boshlig‘i R. Tursunov va salmog‘i yuqoriligicha saqlanayotgan Karmana tumaniga uning birinchi o‘rinbosari I. Tillayevni biriktirib, ularning rahbarligida viloyat darajasidagi tegishli idora va tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzib, vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish bo‘yicha choralarni ko‘rish;

– har oyda voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, uyushmagan yoshlarni bandligini ta’minlash, ularni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish borasida ishlarni kuchaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qolaversa, xotin-qizlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar, axloqsiz hatti-harakatlar, ajrimlar, o‘z joniga qasd qilish kabi salbiy illatning oldini olish borasidagi ishlarni tanqidiy o‘rganib, viloyat Xotin-qizlar kengashi raisi boshchiligida ishchi guruh tuzib, 2020 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha manzilli topshiriqlar berildi.

“Yig‘ilish davomida o‘z xizmat vazifalarni bajarishda mas’uliyatsizlik va beparvolik bilan yondashib, xizmat vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun Navbahor tumani IIB boshlig‘i Sh.Ismatov, Tomdi tumani IIB boshlig‘i B.Bozorov, Qiziltepa tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Adizov, Xatirchi tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Ismatov, Xatirchi tumani profilaktika inspektorlari A.Amontoshev va Sh.Oblayevlar, 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasi boshlig‘i o‘rinbosari Z.Suvonov, 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasi boshlig‘i o‘rinbosari Z.Latipovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod qilindi”, deyiladi xabarda.

Uchrashuv yakunida so‘z olgan viloyat hokimi yig‘ilishda ta’kidlangan kamchiliklar yuzasidan fikr bildirib, kelgusida ushbu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo‘yicha yo‘l xaritalarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Avvalroq, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Buxoroda bo‘lib, u yerda tizimdagi 11 nafar katta-kichik lavozimdagi xodimlarni ishdan olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Po'lat Bobojonov

Baholaganlar

72

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing