Putin urush boshidan buyon ilk bor poligonda bo‘lib, snayperdan otib ko‘rdi
Olam
−
21 Oktabr 2022
11133Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 20 oktyabr kuni Ryazan viloyatidagi G‘arbiy harbiy okrug poligonida safarbar etilgan harbiy xizmatchilarning tayyorgarligini ko‘zdan kechirdi. Oliy bosh qo‘mondonning Sergey Shoygu hamrohligida o‘quv markaziga tashrifi aks etgan kadrlar Rossiya Mudofaa vazirligining “Zvezda” telekanali tomonidan tarqatildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Putinga harbiy xizmatchilarning jihozlari ko‘rsatilgan, shuningdek, “vzvod tarkibida havo-desant hujumi zonasini yengib o‘tish, yaqin janglarda shartli dushmanning zirhli texnikalariga qarshi kurashish mashqlari” ko‘rsatilgan.
Otish majmuasida Prezidentning o‘zi snayper miltig‘idan nishonga bir necha marta o‘q uzgan. Bundan tashqari, Prezident safarbar etilganlar bilan suhbatlashgan.
Prezident safarbarlik kampaniyasi doirasida harbiylardan shikoyatlar yoki muammolar haqida bilishga harakat qilgan. Ular salbiy javob berishgan. “Zvezda” nashrining yozishicha, suhbat yakunida Putin rozilik belgisi sifatida stolga mushtini urgan.
Ma’lumot uchun, 21 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti mamlakatda qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, 300 ming kishi, birinchi navbatda, jangovar tajribaga ega va qo‘shinlar uchun zarur bo‘lgan harbiy ixtisosligi bo‘yicha rezervga chaqiriladi. Oktyabr oyining boshidagi holatga ko‘ra safarbarlik doirasida 200 mingdan ortiq kishi armiyaga chaqirilgan.
14 oktyabr kuni Vladimir Putin armiyaga 222 ming kishi jalb qilingani, ulardan 33 mingi bo‘linmalarda, 16 ming nafari esa jangovar topshiriqlarni bajarayotganini ma’lum qildi. U safarbarlik tadbirlarini ikki hafta ichida yakunlashga va’da berdi.
LiveBarchasi