Putin Ukrainaning 4 viloyati anneksiyasini yakunladi
Olam
−
05 Oktabr 2022
7592Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning Donbass mintaqasida tashkil etilgan, tan olinmagan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, shuningdek, Zaporoje va Xerson viloyatlarini Rossiya tarkibiga qabul qilish to‘g‘risidagi shartnomalarni ratifikatsiya qilish haqidagi to‘rtta qonunni imzoladi.
Rossiya yangi hududlarni 2026 yilgacha davom etadigan o‘tish davri doirasida integratsiya qilishni rejalashtiryapti. 2023 yilgacha grivnalarda to‘lash mumkin bo‘ladi, shundan so‘ng bu hududlarda faqat Rossiya rubli muomalada bo‘ladi. Yangi hududlarning Qurolli Kuchlari Rossiya tarkibiga kiritiladi va Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga zid bo‘lgan qonunchilik normalari, shu jumladan o‘lim jazosi qo‘llanilmaydi.
Federatsiyaning yangi sub’ektlarining chegaralari, shartnomalardan kelib chiqqan holda, “ular tashkil etilgan va Rossiya Federatsiyasiga qabul qilingan kunida mavjud bo‘lgan” chegaralar bilan belgilanadi. Yangi viloyatlar rahbarlari saylangunga qadar, Rossiya qonunchiligiga muvofiq, ularga Putin tomonidan tayinlangan vaqtinchalik amaldorlar rahbarlik qiladi. Mintaqaviy parlamentlarga saylovlar 2023 yil sentyabr oyida yagona ovoz berish kunida o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, 23-27 sentyabr kunlari Zaporoje viloyatining bosib olingan hududida, shuningdek, tan olinmagan DXR va LXR hamda bosib olingan Xerson viloyatida “Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha bir tomonlama referendumlar” o‘tkazildi. Zaporoje viloyatida protokollarning 100 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, qo‘shilish tarafdori 93,11 foiz, Xerson viloyatida – 87,05 foiz, DXRda – 99,23 foiz, LXRda – 98,42 foiz.
Referendum natijalarini xalqaro tashkilotlar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, NATO kabi tuzilmalar tan olmadi va uni noqonuniy deb atadi.
30 sentyabr kuni esa Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.
LiveBarchasi