Putin Ukrainani egallashni davom ettirish niyatda

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina hududlarini egallashni davom ettirishini va’da qildi. Bu haqda u “India Today” hind telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, o‘zini o‘zi respublika deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk “xalq respublikalari” (“DNR” va “LNR”) “baribir ozod etiladi”. 

“Hammasi shu tomon bormoqda. Yo biz bu hududlarni qurolli yo‘l bilan ozod qilamiz, yoki Ukraina qo‘shinlari bu yerlarni tark etib, u yerdagi urushni to‘xtatadi”, degan Vladimir Putin.

Mazkur intervyu Putinning Hindistonga tashrifi oldidan tayyorlangan bo‘lib, tashrif bugun, 4 dekabr kuni boshlanadi.

Rossiya Prezidentining ta’kidlashicha, Ukrainaning ushbu mintaqalari aholisi “mustaqillik uchun ovoz bergan”. 

“Biz buni darhol Ukrainaga, ukrain qo‘shinlariga aytganmiz: odamlar siz bilan yashashni istamaydi, qo‘shinlaringizni chiqaring va hech qanday harbiy harakat bo‘lmaydi. Yo‘q, ular urushishni afzal ko‘rdi, mana, endi bu nimaga olib kelganini ko‘rib turibmiz”, dedi Vladimir Putin.

Donbassning to‘liq ravishda – Rossiya qo‘shinlari nazoratiga o‘tmagan hududlarni ham o‘z ichiga olgan holda, Rossiya nazoratiga o‘tishi Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati taklif qilgan rejaning punktlaridan biri hisoblanadi.

“Donbass va Novorossiyani egallash”

TASS intervyu sarlavhasida Putin har qanday holatda egallashni va’da qilgan Ukraina hududlari “Donbass va Novorossiya” deb atalgan. Ammo “India Today” telekanaliga berilgan intervyuning o‘zida Rossiya Prezidenti qaysi hududlar nazarda tutilganini aniq aytmagan. Matndan kelib chiqib, Putin Donetsk va Lugansk viloyatlarini nazarda tutgani xulosa qilish mumkin.

Tramp tomonidan taklif qilingan 28 banddan iborat rejaga ko‘ra, Ukraina tarkibidagi Donetsk va Lugansk viloyatlarini Rossiya nazoratiga o‘tkazish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, Moskva Zaporoje va Xerson viloyatlariga ham da’vogar bo‘lib kelmoqda. 2014 yilda anneksiya qilingan Qrim va Lugansk viloyatining katta qismi allaqachon Rossiya nazoratida. Ukraina esa o‘z hududlarini topshirishni rad etadi, ammo frontning hozirgi chizig‘i bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilishga tayyorligini bildirgan.

AQSH Tramp rejasini to‘rt “paket”ga ajratishni taklif qilgan

Putin shu intervyuda 2 dekabr kuni Kremlda AQSH Prezidentining vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan uchrashuvda Rossiya Trampning urushni to‘xtatish rejasidagi ayrim bandlarga rozi bo‘lmaganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar tashabbusning har bir bandini alohida ko‘rib chiqqan va qator masalalarda kelishuvga erishilmagan.

“Bunday masalalar bo‘ldi, biz ularni muhokama qildik, lekin bu oson ish emas. Ayrim nuqtalar bo‘yicha ha, muhokama qilishimiz mumkin, dedik, boshqalariga esa rozi bo‘lomadik. Suhbat aynan shunday tarzda kechdi”, dedi Putin.

Shuningdek, u AQSHning 28 banddan iborat dastlabki rejasi “deyarli o‘zgarmaganini”, ammo Vashington uni to‘rt alohida “paket”ga bo‘lishni taklif qilganini aytdi. Avvalroq Ukraina va YeI vakillarining Jenevadagi uchrashuvidan so‘ng bandlar soni 19 tagacha qisqargani haqida xabar berilgan. Ammo 28 va 19 bandni o‘z ichiga olgan to‘liq hujjatlar rasman e’lon qilinmagan.

Putin Uitkoff va Kushner bilan o‘tkazilgan uchrashuvni “juda foydali”, deb baholadi. AQSH Prezidenti Donald Tramp ham muzokaralarga ijobiy baho bergan, ammo amerikalik rasmiylar uchrashuvning mazmuni yuzasidan batafsil izoh bermagan.

Rossiya prezidenti shuningdek Moskva­нинг “katta yettilik” (G7) formatiga qaytishini nazarda tutgan AQSHning tinchlik rejasi bandlaridan birini rad etdi. Putinning aytishicha, u Rossiya 2014 yilda G8dan chiqarilganidan ancha oldin ham sammitlarga deyarli bormagan. U 2009–2012 yillarda sammitlarda qatnashmagani rost, ammo bu yillarda Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev bo‘lgan. Shunga qaramay, Putin 2013 yilgi uchrashuvda ishtirok etgan.

4 dekabr kuni ma’lum qilinishicha, Vladimir Putinning katta matbuot anjumani va “to‘g‘ridan to‘g‘ri liniya” 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing