Putin Ukrainaga qarshi urush uchun yana safarbarlik e’lon qilishi mumkinmi?

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiyada yangi qisman safarbarlik uchun hech qanday omillar yo‘qligini aytdi. Bu haqda u bugun, 9 dekabr kuni Bishkekda jurnalistlar bilan muloqotda ma’lum qildi. 

“Bugungi kunda bunday omillar yo‘q, ular ko‘rinmaydi”, deydi u safarbarlik masalasiga to‘xtalar ekan. 

Davlat rahbari qisman safarbarlik doirasida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan 300 ming kishidan 150 ming nafari “maxsus harbiy operatsiya” zonasida, atigi 77 ming nafari jangovar qismlarda ekanini eslatdi.  

Bundan tashqari, Putin safarbar qilingan qolgan 150 ming kishi hatto guruhda ham yo‘qligini ta’kidladi.  

“Bu yigitlar poligonlarda va o‘quv markazlarida. Mana, o‘ylab ko‘ring, shunday jangovar zaxira – safarbar qilinganlarning yarmi bor”, deydi Prezident hozirda qo‘shimcha safarbarlik haqida gap yo‘qligini urg‘ulab. 

Shuningdek, u qisman safarbarlik doirasida chaqirilgan harbiy xizmatchilarning rotatsiyasi masalasi muhokama qilinganini, Rossiya Mudofaa vazirligi va Bosh shtab bu haqda o‘ylayotganini aytdi. 

"G‘alati, biz buni ham muhokama qildik. Vaziyatni, rivojlanishni ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi, balki [MHO zonasidagi] ba’zi tuzilmalar boshqalarga almashtirilar. Ular hali ham jangovar harakatlar ishtirokchisi maqomiga ega bo‘ladi”, deydi Prezident.  

Davlat rahbari Mudofaa vazirligi va Bosh shtab bu haqda o‘ylab, qaror qabul qilishini ta’kidladi.

Putin “maxsus harbiy operatsiya” davomida armiyani zarur bo‘lgan barcha narsalar bilan ta’minlash bilan bog‘liq eng keskin muammolar hal etilganiga ishontirdi. 

“Biz Mudofaa vazirligi bilan muntazam ishlaymiz, ular bilan deyarli har kuni bu masalalarni muhokama qilamiz”, deydi Putin.

U muammolar haqiqatan ham borligini tan oldi va ba’zilari hali ham saqlanib qolayotganini istisno qilmadi.  

“Ular hajmi borgan sari kichrayib borayotganiga ishonchim komil bo‘lsa-da, endi ular bu safarbarlik jarayonining boshida bo‘lganidek o‘tkir emas. Muammolar to‘liq hal etilmayapti, lekin bu vaqt masalasi, eng o‘tkirlari, menimcha, allaqachon yopilgan. Tegishli sohalarni rivojlantirish uchun ma’lum vaqt kerak”,  deydi Prezident.

Joriy yilning 28 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Prezident Vladimir Putinga Rossiyada 21 sentyabrda boshlangan qisman safarbarlik yakunlangani haqida hisobot berdi. Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, qisman safarbarlikka belgilangan 300 ming kishi harbiy xizmatga chaqirilgan, qisman safarbarlik doirasida qo‘shimcha vazifalar rejalashtirilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin qisman safarbarlik

Baholaganlar

54

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing