Putin Ukrainadagi urush tugamaguncha muzokara stoliga o‘tirmaydi – Sunak
Olam
−
15 noyabr 2022
6878Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va uning vakillari Ukrainadagi noqonuniy urushga chek qo‘ymaguncha hech qachon qonuniy muzokaralar olib bormaydi. Bu haqda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Indoneziyaning Bali orolida bo‘lib o‘tayotgan G20 yetakchilari sammiti doirasidagi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Putinning xalqaro hamjamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lmagan xatti-harakatlarini normallashtirish mumkin emas. Rossiyaning harakatlari barchani xavf ostiga qo‘yadi. Ukraina xalqiga kerakli yordamni ko‘rsatishda biz Britaniya tajribasining kengligi va chuqurligidan, jumladan, o‘zimizni va ittifoqchilarimizni himoya qilish uchun foydalanamiz. Gap, boshqa narsalar qatorida, Britaniyaning yangi avlod kemalarini qurish haqida bormoqda”, deydi Sunak.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G20 a’zolarining aksariyati Rossiya harakatlari qoralanishini kutmoqda.
“Ichki muxolifatni bostirgan va faqat zo‘ravonlik yo‘li bilan adolat niqobini to‘qib chiqargan Putin rejimi G20da uning harakatlariga global qarshilik ovozini eshitadi”, deydi Sunak.
Bundan tashqari, press-relizda aytilishicha, Rossiya tahdidi qarshisida xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida Buyuk Britaniya va uning ittifoqchilari qurilayotgan 3 ta fregatdan tashqari yana 5 ta harbiy kema qurishga qaror qilgan.