Britaniya prokuror qo‘lida. Qirollikni nimalar kutyapti?
Tahlil
−
09 iyul
6930Bundan 3 kun muqaddam 5 iyulda Britaniya “o‘zgarishlarga boy bo‘ladi”, deya ta’kidlanayotgan yangi davrning birinchi tongini qarshi oldi. Bir necha yillardan buyon davom etib kelayotgan boshqaruv tafakkuri yangisiga almashdi. Konservatorlarning o‘ta muammoli va ziddiyatli tarzda kechgan uzoq yillik hukmronligidan so‘ng nihoyat Buyuk Britaniya hukumati boshqa partiya nazoratiga o‘tdi. Konservatorlar yakunda 121 deputatlik o‘rni bilan o‘z tarixidagi eng yomon natijalardan birini qayd etdi. Partiya tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu natija bilan ular bugun tanazzulga uchragani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. 14 yillik tanaffus ortda qoldi va Qirollik boshqaruviga yangi qon kirib keldi. Joriy yilning 5 iyul kuni sobiq Bosh vazir Rishi Sunak o‘z kursisini yangi hukumat boshlig‘iga silliq tarzda topshirdi va inglizlardan faoliyati davomida sodir bo‘lgan xato va kamchiliklar uchun uzr so‘ragan holda dunyoga ma’lum va mashhur bo‘lgan Dauning-ctritdagi qarorgohni tark etdi. U ketish oldidan xalqning tanlovini olqishlashni va yangi Bosh vazir faoliyatiga omad tilashni ham unutmadi. Shu kuni saylovlarda g‘alaba qozongan Leyboristlar partiyasi rahbari Kir Starmer mamlakatning yangi Bosh vaziriga aylandi va qirol Charlz III qabulida bo‘ldi. Monarx Starmerni tabriklab, uning faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi hamda odatga ko‘ra unga yangi ma’muriyatni shakllantirishni buyurdi. Mamlakatning yangi hukumat rahbari Bukingemga tashrifidan so‘ng darhol Dauning-stritdagi qarorgohda hozir bo‘ldi va xalqqa murojaat qildi. U ishdan bo‘shagan sobiq bosh vazir Rishi Sunakka minnatdorlik bildirdi. Rishining mamlakatdagi osiyolik birinchi Bosh vazir sifatida olib borgan siyosatini alohida e’tirof etdi. Starmer so‘zi oxirida xalqqa o‘zi va jamoasining keyingi rejalari haqida to‘lib-toshib gapirdi.
“Mamlakatimiz aholisi o‘zgarishlar, milliy yangilanish hamda siyosatning davlat xizmatiga qaytishi uchun qat’iy ovoz berdi. Biz ishga kirishmoqdamiz. Mening hukumatim sizga xizmat qiladi”, dedi Britaniya siyosatiga karvonboshi bo‘lgan Starmer.
Kir Starmer kim?
61 yoshli ushbu leyborist oddiy ishchi oilasida tug‘ilgan. Otasi Rodni Starmer zavodda asbob-uskuna ishlab chiqaruvchi, onasi Jozefina Starmer esa hamshira bo‘lgan. Eng qizig‘i, bugun biz so‘z yuritayotgan leyboristlar lideri va Britaniyaning amaldagi Bosh vaziri Kir Starmer ismi Leyboristlar partiyasining birinchi parlament rahbari Kir Xardi sharafiga qo‘yilgan. Bundan Starmer oilasining mehnatkashlar manfaatini himoya qiluvchi partiyaga azaldan hurmat va e’tibori baland bo‘lgani anglashiladi. Oilasining birinchi oliy ma’lumotli a’zosi bo‘lgan Kir, 1985 yilda Lids universitetini huquqshunoslik bo‘yicha bakalavr darajasi bilan tamomlagan. Keyinchalik u Oksforddagi Sent-Edmund Xollda fuqarolik huquqi bo‘yicha tahsil olgan. Oliy ta’limdan so‘ng Starmerni uzoq muddatli yuridik faoliyat maydoni qarshi oldi. U 1987 yilda Londonda advokatlik bilan shug‘ullanishni boshladi. Uch yil o‘tgach esa yuridik faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zining shaxsiy loyihasiga asos soldi. Advokatlik bilan shug‘ullanar ekan, Starmer asosan jinoiy himoya ishlariga e’tibor qaratdi. Bunda Buyuk Britaniyada ham, xorijda ham inson huquqlari masalalariga bog‘liq keyslar bilan ishladi. U Karib dengizi mamlakatlari va Afrika qit’asida o‘lim jazosiga hukm qilingan bir qancha mahkumlarni himoya qilgan va, shuningdek, 2002-2008 yillarda Tashqi ishlar va Hamdo‘stlik vazirligining o‘lim jazosi bo‘yicha maslahat kengashi a’zosi bo‘lgan. Shu yillar oralig‘ida Kir Starmer oila qurishga qaror qiladi va 2007 yilda xuddi o‘zi kabi yuridik sohada mutaxassis bo‘lgan yarim yahudiy Viktoriya Aleksandrga uylanadi. Starmerning elita bilan yaqinlashuvi esa asosan 2002 yilda boshlangan. U shu yili qirol oilasining maslahatchisi etib tayinlangandi. Oradan 6 yil o‘tib, 2008 yilda Starmer hayotidagi eng yuqori lavozimlardan biriga tayinlandi. Bu – Davlat prokuraturasi direktori amali edi. U mazkur lavozimda 2013 yilgacha ishladi. Davlat prokuraturasi rahbari sifatida uning majburiyatlari Buyuk Britaniya Qirolligiga qarashli bo‘lgan hududlardagi bir nechta jinoiy yurisdiksiyalarda jinoiy huquqbuzarliklar bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni nazorat qilishdan iborat edi.
Amalda esa bu mansab mamlakatdagi eng yuqori liftlardan biri hisoblanadi. Starmerning prokurorlik faoliyati 5 yil davom etdi. Ushbu lavozimdagi faoliyatidan bir yil o‘tar-o‘tmas, aniqrog‘i 2014 yilda Kir Starmer o‘sha paytdagi valiahd shahzoda (hozirgi qirol) Charlzdan ritsarlik unvonini qabul qilib, o‘z ism-sharifiga Ser qo‘shimchasini ham qo‘shib oladi. Bu voqeliklardan so‘ng Ser Starmerni endi mamlakatdagi eng asosiy boshqaruv paketiga egalik qiluvchi maydondagi sarguzashtlar kutayotgandi.
Shaxsiy hayoti
Starmer atrofidagilarning fikrlaridan kelib chiqib, uni introvert, ya’ni odamovi yoki biroz zerikarli shaxs, degan xulosaga kelish mumkin. Aslida uning shaxsi rostdan ham dunyo kuzatuvchilarining katta qismi uchun qiziq emas va agar kimdir u haqda nimadir aytayotgan bo‘lsa, bu – Britaniyaning sayyoramizdagi tutgan o‘rni va uni kim boshqarayotganligiga qiziqish tufayligina sodir bo‘lmoqda, deyishimiz mumkin. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, aynan shu yashirinlik Starmerning Bosh vazirlik kursisini egallashida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Sababi odamlar uchun noma’lum va yopiqlik uning kamchiliklarini berkitadi. Bu sharoitda xalqda undan nima kutish mumkinligi to‘g‘risida bir qator savollar tug‘iladi. Bugun Kir Starmerning tarjimai holi, huquqshunoslik faoliyati, futbolga qiziqishi va “Arsenal” klubiga muxlislik qilishi, prokurorlik mansabidagi yillari va ritsarlik unvoniga ega ekanligi u haqda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardir.
Boshqaruvga kelish
2014 yil oxirida partiya ichidagi bir deputatning nafaqaga chiqishi Starmerning Londondagi Xolborn va Sent-Pankras saylov okrugi uchun Leyboristlar partiyasidan nomzod etib saylanishiga yo‘l ochgandi. 2015 yilda ushbu okruglardan Jamoalar palatasiga saylanishi esa u uchun hayotidagi dastlabki jiddiy siyosiy davr kelganini anglatardi. Hatto shu yilning o‘zida unda partiya rahbari bo‘lish imkoni ham tug‘iladi. Garchi Starmer 2015 yilda Leyboristlar partiyasi yetakchisi sifatida Ed Miliband o‘rniga nomzodini qo‘yishi mumkinligi aytilgan bo‘lsa-da, u o‘zining tajribasizligini inobatga olib, saylovda qatnashmaslikni ma’qul ko‘rdi. O‘sha vaqtda Leyboristlar partiyasi o‘ta so‘l siyosatchi Jeremi Korbin yetakchiligida muxolifatda edi. U Starmerni parallel hukumatdagi ichki ishlar vaziri sifatida tayinlaydi. Kir Starmerda Leyboristlar partiyasiga rahbar bo‘lish imkoniyati 2019 yilda yana paydo bo‘ladi. Bu o‘sha yilgi saylovlar partiya uchun o‘ta muvaffaqiyatsiz kechgan va 1935 yildan buyon eng og‘ir mag‘lubiyat bilan yakunlangan sharoitga to‘g‘ri kelgandi. Ushbu sharmandali mag‘lubiyatdan so‘ng partiyaning o‘sha paytdagi rahbari Jeremi Korbin iste’foga chiqishga majbur bo‘ladi. Kir esa vaqtdan unumli foydalangan holda so‘l pozitsiyada chiqish qilib, partiya a’zolariga elektr energiya va suv sohasidagi kompaniyalarni milliylashtirishni va universitetlar talabalari uchun bepul ta’limni va’da qilish orqali rahbariyat vakillaridan biriga aylanadi. Starmer 2020 yilning boshida partiya rahbarligiga o‘z nomzodini e’lon qiladi va apreldagi saylovlarda g‘alaba qozongan holda mamlakatdagi 3 ta eng qudratli partiyalardan birining rahbari sifatida ish boshlaydi. Kir partiya rahbari bo‘lgach, uning o‘rniga da’vo qilishi mumkin bo‘lganlardan qutilishni boshlaydi. Birinchi nishon esa aynan sobiq partiya rahbari Jeremi Korbin edi. Kir Starmer o‘zining sobiq rahbari bo‘lgan Korbinni antisemitizm bo‘yicha kelib chiqqan mojaroda ayblab, Leyboristlar partiyasining parlamentdagi a’zolari safidan chetlatadi.
Leyboristlar kimlar?
Xo‘sh, leyboristlar o‘zi kim? Bu partiya XX asrning boshida, ishchilar sinfining manfaatlarini himoya qilish maqsadida tuzilgan. O‘sha vaqtlarda Britaniya qonunchiligi ish tashlashlarga ruxsat bergan, ish tashlashlar paytida korxonalar ko‘rgan zarar tred-yunionlar ya’ni kasaba uyushmalari hisobidan undirilishi ko‘zda tutilgan. Bunday tartib tred-yunionlar manfaatlariga mutlaqo zid edi va bunga qarshi ular 1900 yilda o‘z partiyasini tuzishga qaror qildi. 1906 yildan boshlab esa mazkur partiya rasman leyboristlar nomini oldi. Dastlab Liberallar soyasida harakat qilgan ishchilar partiyasi Birinchi jahon urushidan keyin asta-sekin mustaqil tarzda bo‘y ko‘rsatishni boshlaydi. Hatto 1922 yilga kelib, leyboristlar o‘z ittifoqchisi bo‘lgan Liberal partiyani konservatorlar bilan kechgan raqobatda rasmiy muxolifat sifatida o‘yindan siqib chiqaradi. 124 yillik faoliyati davomida mazkur partiyadan bugungi Starmer bilan qo‘shib hisoblaganda 7 ta Bosh vazir chiqqan va ular 13 muddat davomida mamlakatni idora qilgan. Bu natija bilan mazkur partiya Liberallar va konservatorlar orasida autsayder hisoblanadi. Leyboristlarning birinchi bor hukumat tepasiga chiqishi Remsey MakDonald boshchiligida 1924 yilga to‘g‘ri keladi. Eng uzoq vaqt boshqaruvda turgan va partiyaning eng mashhur vakili bu shubhasiz Toni Blerdir. U 1997 yildan to 2007 yilgacha Britaniyani boshqargan va Tetcher rekordiga yaqinlashgan kam sonli ingliz Bosh vazirlaridan biri hisoblanadi. Leyboristlarning Starmergacha bo‘lgan eng so‘nggi hukumat rahbari bu Gordon Braun bo‘lib, ushbu siyosatchi 2007-2010 yillar oralig‘ida Buyuk Britaniya ma’muriyatini boshqargan. Ammo 2010 yildagi o‘zgarishlar 13 yil davom etgan Leyboristlar hokimiyatiga yakun yasab, 14 yillik Konservatorlarning mutlaqo yetakchiligiga olib kelgandi. Ammo hukmron partiya ichidagi tartibsizlik oqibatida so‘nggi 8 yil ichida Birlashgan Qirollikda oz emas, ko‘p emas, naqd 5 ta Bosh vazir almashdi. Va nihoyat, endilikda oxirgi saylovlardagi Konservatorlarning qaqshatqich mag‘lubiyatidan so‘ng mehnatkashlar yana iqtidorga qaytdi.
Mehnatkashlarning 4 va’dasi va mamlakatni dunyodan ustun qo‘yish
Tahsinga sazovor g‘alabadan so‘ng hukumatni qo‘lga olgan Leyboristlar hozircha o‘z rejalarining umumiy eskizini biroz ochiqladi va dastlabki 24 soat ichida ishga kirishdi. Masalan, Bosh vazir o‘zining dastlabki chiqishlarida “hukumat endi doktrinalar yuki ostida bo‘lmasligi va faqat mamlakat aholisiga xizmat qilishini” jiddiy ohangda ta’kidladi. Bu esa amalda Buyuk Britaniya elitasi o‘z fokusini xalqaro tartib yoki shartnomalarga emas, balki milliy manfaatlarga qaratishini anglatadi. Bundan tashqari, leyboristlar o‘zining qisqa va uzoq muddatlarga mo‘ljallangan 4 ta asosiy strategiyalarini ham ma’lum qildi. Bular, iqtisodiy o‘sishni G7da eng tez sur’atlar bilan oshirish, Buyuk Britaniyani 2030 yilgacha toza energiyaga o‘tkazish, sog‘liqni saqlash xizmatini o‘zgartirish, og‘ir va zo‘ravonlik jinoyatlarini ikki baravarga kamaytirish kabi maqsad va vazifalardir. Starmer esa bularning har biri uchun mas’ul bo‘lgan jamoalarga shaxsan o‘zi raislik qilishini ta’kidladi.
Yangi Bosh vazir eng birinchi ishini Sunakning juda keskin va mantiqsiz deportatsiya tartibini yo‘q qilishdan boshladi. Buyuk Britaniyaning oldingi hukumati barcha noqonuniy muhojirlarni, kelib chiqishi va mamlakatidan qat’i nazar, boshpana so‘rovlarini ko‘rib chiqmasdan Ruandaga deportatsiya qilish niyatida bo‘lgan. Hamdo‘stlik davlatlaridan biri bo‘lgan Afrikadagi ushbu mamlakat xavfsiz uchinchi davlat deb e’lon qilingandi. Deportatsiya qilinadigan birinchi noqonuniy muhojirlar Buyuk Britaniyada joriy yilning may oyi boshida qo‘lga olingan. Umuman olganda, Britaniya rasmiylari yil oxirigacha u yerga 5700 nafar noqonuniy muhojirni yuborishni rejalashtirgandi.
Noqonuniy muhojirlarga qaratilgan ushbu dasturni tugatish Leyboristlar partiyasining saylovoldi va’dalaridan biri edi. Starmer deportatsiya rejalarini tanqid qildi va Sunakning rejasiga chek qo‘ydi. Yangi bosh vazir inson huquqlarining bu yo‘sinda juda xunuk tahqirlanishiga chek qo‘ydi deya bemalol ayta olamiz.
Shuningdek, Kir Starmer mamlakat juda katta o‘zgarishlar oldida turganligi va Leyboristlar buni ijobiy tarzda amalga oshirishini tinimsiz tarzda aytib kelmoqda. U bu borada amalga oshiriladigan islohotlarni xalq so‘zlarga emas, harakatlarga qarab baholashini ta’kidladi. Bu o‘zgarishlar uning dastlabki qarorlaridayoq namoyon bo‘lmoqda. O‘z kabinetini tayinlashda Starmer tajriba va barqarorlikka e’tibor qaratdi. Shuningdek, uning mahkamasi tarixdagi eng ko‘p ayol vazirlarni o‘zida jamlagan. Masalan, Madaniyat vaziri Liza Nendi, Adliya vaziri Shabana Mahmud, Transport vaziri Lusi Haig va Mehnat va nafaqa vaziri Liz Kendall kabilar Starmer kabinetini boshqarayotgan ayol siyosatchilar qatoridadir.
Tashqi dunyo va O‘zbekiston nima kutmoqda?
Yangi Bosh vazir va uning hukumati ostida Britaniyaning tashqi dunyo bilan aloqalari avvalgidek saqlanib qolishi kutilmoqda. Xususan, Starmer tashqi siyosatda Britaniyaning egizagi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar bilan yaqinlik yo‘lidan borishi aytilmoqda. Ammo mazkur masalada ayrim savollar uni o‘ylantirishi mumkin. Xususan, yil oxirida AQSHda o‘tkaziladigan har 4 yillikning eng yirik voqeasi – prezidentlik saylovlari qanday natija bilan tugashi va unda kim g‘alaba qozonishi kabi bir qancha savollar hali o‘z javobini topmadi. Ammo dastlabki prezidentlik teledebatidagi Baydenning ayanchli ahvoli bu jangda Trampning g‘alabasiga ishora qilayotgani va kelgusida Starmerga murosasiz Tramp bilan qanday til topishish haqida bir qancha qiyin savollar yuklashi ajab emas. Yevropa Ittifoqi mavzusi esa Buyuk Britaniya uchun yana qaytadan ochilish ehtimoli past bo‘lsa-da, Kir hukumat tepasida bo‘lmagan davrda mamlakatning bu integratsiyadan chiqishini qo‘llab-quvvatlamaganlar qatorida turganligini inobatga olsak, yaqin orada yevrointegratsiya va Birlashgan Qirollik bilan bog‘liq ayrim yangiliklar yuz berishi mumkinligini inkor eta olmaymiz.
Starmer kabineti yirik davlatlar va Yevropa bilan aloqalar qatori xalqaro mojarolardagi mamlakat pozitsiyasini ham o‘zgartirish niyati yo‘q. Xususan, u Falastinda o‘t ochishni to‘xtatish va “Isroilning HAMASdan o‘zini himoya qilish huquqi”ni qo‘llab-quvvatlash kabi navbatchi pozitsiyada turishda davom etadi va shu o‘rinda Ser Starmer Ukrainani Rishi Sunak va Boris Jonsonlardan kam qo‘llab-quvvatlamaydi. Buni o‘zi kechagina lavozimga tayinlangan Britaniya Mudofaa vazirining darrov Kiyevga tashrif buyurganidan bilishimiz mumkin.
Buyuk Britaniyada boshqaruv ruli o‘zgargani o‘z o‘rnida Markaziy Osiyo va bu yerda qaror topgan davlatlar, xususan, O‘zbekiston uchun ham qaysidir ma’noda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Ko‘plab siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, yuqorida aytib o‘tganimizdek, Starmer tashqi siyosatda eski qolipdan foydalanadi. Agar bu taxminlar o‘zini oqlagudek bo‘lsa, Britaniya va Markaziy Osiyo darvozasi bo‘lgan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda oldinga siljish kuzatilishi mumkin. Sababi, joriy yilda Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri va Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron O‘rta Osiyo turnesi davomida Toshkentga kirib o‘tgani va bu tashrif Tashqi ishlar idorasi rahbari darajasidagi so‘nggi 27 yil ichida birinchisi ekanligini e’tiborga olishimiz lozim.
Kir hukumat rahbari bo‘lishi bilan, uning Leyboristlar partiyasidan ekanligi va uzoq yillik tanaffusdan so‘ng partiyaning Britaniya boshqaruviga qaytishi ko‘p tomonlama Toni Blerni esga solmoqda. Hatto bugun ayrimlar ushbu ikki shaxsni bir-biriga taqqoslashni ham boshlab yuborgan. Biroq o‘ylashimizcha, yer sayyorasi va insoniyat dunyo siyosatida ikkinchi Bler paydo bo‘lishidan manfaatdor emas. Biz ham Kir Starmerni Toni Blerga o‘xshamasligi va u tomonidan qilingan hamda kelajakda hech qachon qabul qilmaydigan dahshatli xatolarni takrorlamasligiga umid qilamiz.
LiveBarchasi