Nodirbek Abdusattorov Londondagi turnirning g‘olibi bo‘ldi
Sport
−
05 dekabr 6712 2 daqiqa
Kecha, 4 dekabr kuni Buyuk Britaniyaning London shahridagi Emirates Stadium majmuasida shaxmat bo‘yicha London Chess Classic 2025 turnirining 8-tur o‘yinlari yakuniga yetdi va unda o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov g‘alaba qozondi.
Mukofot jamg‘armasi 50 ming funt sterlingni (796 mln 179 ming so‘m) tashkil etuvchi ushbu nufuzli musobaqada dunyoning kuchli shaxmatchilari qatorida bosh sovrin uchun kurashgan o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov muddatidan avval g‘olib bo‘lgan.
U 8-turda musobaqaning birinchi raqamli shaxmatchisi, Fransiya sharafini himoya qilayotgan Alirizo Firo‘zja bilan durang o‘ynagan va 8 imkoniyatdan 7 ochko to‘plab, finishga bir tur qolganida chempionlikni qo‘lga kiritgan. Firo‘zja 5 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallagan.
O‘zbekistonlik shaxmatchi so‘nggi turda ukrainalik grossmeyster Pavel Elyanovga qarshi dona suradi.
Abdusattorov ikkinchi turda oq donalarda AQSH sharafini himoya qilayotgan hindistonlik Mishra Abximanyuni, uchinchi turda qora donalarda Angliya sharafini himoya qilayotgan rossiyalik grossmeyster Nikita Vityugovni, to‘rtinchi turda 54 yoshli britaniyalik shaxmatchi Maykl Adamsni, beshinchi turda gretsiyalik Nikolas Teodoruni, oltinchi turda qora donalarda AQSH chempioni Sem Shenklendni, yettinchi turda oq donalarda britaniyalik Lyuk Maksheynni mag‘lub etgan.
Nodirbek Abdusattorov London Chess Classic turniridagi g‘alabasidan so‘ng reytingini 20 ochkoga yaxshilab, onlayn-jadvalda 22-o‘rindan 12-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Goa shahrida shaxmat bo‘yicha Jahon kubogi o‘z yakuniga yetgandi. Unda o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Jahon kubogi g‘olibligini qo‘lga kiritgandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa Javohir Sindorovga Prezident sovg‘asi – 3 xonali xonadon va uning murabbiylariga pul mukofotlari, qolaversa, Sindorovga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvonini topshirgandi.
Live
Barchasi