Putin Ukraina urushi boshlanganidan beri birinchi marta Kurskka bordi
Olam
−
13 mart
8082Kecha, 12 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kursk viloyatidagi boshqaruv shtablaridan biriga bordi. U jamoatchilikka harbiy formada ko‘rinish berdi. Bu haqda Kreml xabar berdi.
Qayd etilishicha, Putin Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari general shtabi boshlig‘i va Mudofaa vaziri birinchi o‘rinbosari Valeriy Gerasimov va mintaqa armiyasi qo‘mondonlari bilan yig‘ilish o‘tkazgan. U Ukraina bilan to‘liq masshtabli urush boshlanganidan beri ilk bor harbiy kamuflyaj kiyimda, hech qanday farqlovchi belgilari bo‘lmagan holda omma oldida paydo bo‘lgan.
Gerasimov Putinga Ukrainaning Kurskka va Rossiya hududlariga qaratilgan hujumlari to‘xtatilgani, ukrain qo‘shinlari katta yo‘qotishlarga uchraganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Rossiya kuchlari hozirda Kursk viloyati hududining 86 foizini egallaganini va ukrain harbiylari birin-ketin taslim bo‘layotganini bildirgan.
Putin armiyaga Ukraina qo‘shinlarini qisqa muddatda butkul tor-mor etish va Ukraina bilan chegarada xavfsizlik hududini yaratish vazifasini qo‘ygan. Shuningdek, u Kursk viloyatidagi janglarda ishtirok etayotgan harbiy bo‘linmalarni hamda chechenlarning “Axmat” ixtiyoriy tuzilmasini minnatdorlik bilan tilga olgan.
Prezident, shuningdek, Rossiya hududidagi Ukraina qo‘shinlarini “terrorchilar” sifatida baholash va tegishli moddalar bo‘yicha sudga tortish kerakligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomonida jang qilayotgan xorijiy yollanma askarlar Jeneva konvensiyasida ko‘zda tutilgan harbiy asirlar huquqidan foydalana olmaydi. Jeneva konvensiyasiga ko‘ra, urush davomida asir olingan harbiylar maxsus huquqlarga ega bo‘ladi:
Ularni qiynash, tahqirlash yoki noinsoniy munosabatda bo‘lish taqiqlangan.
Ularga tibbiy yordam ko‘rsatilishi kerak.
Asirlar urush tugagach, vatanlariga qaytarilishi kerak.
Agar yollanma askarlar Jeneva konvensiyasiga muvofiq harbiy asirlar sifatida tan olinmasa, bu ularning huquqlari himoya qilinmasligini, Rossiya tomoni ularni jinoiy javobgarlikka tortishi mumkinligini anglatadi.
Ma’lumot uchun, Ukraina Kursk viloyatiga hujumni 2024 yil avgust oyida boshlagan edi. Kiyev ushbu hujum orqali kelgusi tinchlik muzokaralarida ustunlikka erishish va Rossiyani Ukraina sharqidagi frontdan diqqatini tortishga majbur qilishni maqsad qilganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Putin Kursk rahbarini almashtirgandi.
LiveBarchasi