Putin Trampning ultimatumini e’tiborsiz qoldirdi
Olam
−
05 avgust 8657 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha 8 avgust kuni tugaydigan ultimatumini e’tiborsiz qoldiradi. Bu haqda bugun, 5 avgust kuni Kremlga yaqin bo‘lgan uchta manbaga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.
“Putin urushda g‘alaba qozonishiga ishonchi komil va AQSHning yangi sanksiyalari Rossiyaga kuchli ta’sir ko‘rsatmaydi”, deydi agentlik manbalari.
Ulardan biriga ko‘ra, Putinning maqsadi Ukrainaning to‘rtta viloyati: Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xersonni to‘liq qo‘lga kiritish. Shundan keyingina u tinchlik kelishuvini muhokama qiladi.
“Rossiya va Ukraina o‘rtasida davom etayotgan muzokaralar mohiyatan mazmundan yiroq va faqatgina Trampga Moskva tinchlikka qarshi emasligini bildirish uchun”, deb yozadi agentlik.
“Reuters” agentligining ikki manbasiga ko‘ra, Putin “Trampni g‘azablantirmoqchi emas va u Vashington va G‘arb bilan munosabatlarni yaxshilash imkoniyatini qo‘ldan boy berayotganini tushunadi, ammo uning harbiy maqsadlari muhimroq”. Rossiya Bosh shtabi Putinga Ukraina fronti ikki-uch oy ichida qulashini aytgan.
Tramp bir kun avval AQSH maxsus vakili Stiven Uitkoff 6 yoki 7 avgust kunlari Rossiya rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Rossiyaga tashrif buyurishini ma’lum qilgan edi. Agar Rossiya Ukrainada tinchlik o‘rnatishdan bosh tortsa nima bo‘ladi degan savolga Tramp shunday javob berdi:
“Xo‘sh, sanksiyalar bo‘ladi. Lekin ular topqir va ular sanksiyalarni aylanib o‘tishda juda yaxshi. Shunday ekan, nima bo‘lishini ko‘ramiz”.
14 iyul kuni Oq uyda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan muzokaralar chog‘ida Tramp agar yaqin 50 kun ichida (2 sentyabrgacha) Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, AQSH rasmiylari Rossiyaning savdo hamkorlariga nisbatan 100 foizlik ikkilamchi bojlar joriy etishini aytdi. 29 iyul kuni u bu muddatni 10 kunga qisqartirdi.