Putin Tojikistonga keldi 

Olam

image

Bugun, 8 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Tojikistonga keldi. Bu haqda “Sputnik Tojikiston” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Vladimir Putinning safari uch kun – 8 dan 10 oktyabrgacha davom etadi. Prezident yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, safar uch qismdan iborat: davlat tashrifi, “Rossiya-Markaziy Osiyo” sammiti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) sammiti.

Davlat tashrifi 8-9 oktyabr kunlariga mo‘ljallangan. Dasturga ko‘ra, bugun, 8 oktyabr kuni Putin Dushanbedagi “Do‘stlik” maydonida Ismoil Somoniy haykali poyiga gulchambar qo‘yadi, so‘ng Rahmon bilan norasmiy kechki ovqatda suhbatlashadi. Ertaga, 9 oktyabr kuni ertalab “Millatlar saroyi”da Putinning Rahmon bilan ikki tomonlama rasmiy muzokaralari – avval tor doirada, so‘ng kengaytirilgan tarkibda bo‘lib o‘tadi.

Ushakovning ma’lum qilishicha, Rossiya delegatsiyasi tarkibiga hukumatning 20 dan ortiq a’zosi kirgan: Bosh vazir o‘rinbosalarlari Aleksey Overchuk va Marat Xusnullin (Rossiya tomonidagi hukumatlararo komissiya rahbari), Mudofaa vaziri Andrey Belousov, Rossiya Gvardiyasi rahbari Viktor Zolotov, Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev, Iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Reshetnikov, Moliya vaziri Anton Siluanov, Adliya vaziri Konstantin Chuychenko, Sanoat va savdo vaziri Anton Alixanov, Mehnat vaziri Anton Kotyakov, Ta’lim vaziri Sergey Kravsov, Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko, Transport vaziri Andrey Nikitin va boshqalar.

Muzokaralarda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va xalqaro kun tartibiga oid keng doiradagi masalalar muhokama qilinadi.

“Xususan, migratsiya masalalari ham ko‘tariladi. Siz e’tibor bergan bo‘lsangiz, men Ichki ishlar vaziri Kolokolsevni delegatsiya tarkibida tilga oldim”, deydi Yuriy Ushakov jurnalistlarga.

Davlat tashrifi yakunida Prezidentlar strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzolaydi, taxminan 15 ta hujjat almashiladi va OAV uchun chiqish qilinadi.

“Rossiya-Markaziy Osiyo” sammiti ertaga, 9 oktyabr kuni tushdan keyin boshlanadi. Bu formatdagi uchrashuvlarning ikkinchisi bo‘ladi – birinchisi 2022 yil oktyabrida Ostonada o‘tkazilgan. Ushbu formatda Vladimir Putin Markaziy Osiyoning besh davlati – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Prezidentlari bilan uchrashadi. Ushakovning aytishicha, kun tartibida savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsion, sanoat, logistika, energetika va boshqa sohalardagi olti tomonlama hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. 

“Alohida e’tibor Afg‘oniston va Yaqin Sharqdagi vaziyatni inobatga olgan holda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash vazifalariga qaratiladi”, deydi Rossiya Prezidentining yordamchisi.

Yakuniy hujjat sifatida yetakchilar 20 dan ortiq banddan iborat kommyunike qabul qiladi.

10 oktyabr kuni Dushanbeda MDH davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etadi. Dastlab faqat davlat rahbarlari va MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirokidagi tor doiradagi yig‘ilish bo‘ladi, so‘ngra tushlik atrofida kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuv o‘tkazilib, unda Sergey Lebedev hamda Rossiya inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova so‘zga chiqadi.

Sammitda davlat rahbarlari yangi format – “MDH+”ni tashkil etish masalasini muhokama qiladi. Bu formatga uchinchi mamlakatlarning qo‘shilishi nazarda tutiladi. O‘xshash tizim BRICS va SHHT doirasida ham amal qiladi. Vladimir Putin o‘z nutqi davomida MDH rahbarlarini dekabr oxirida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan norasmiy uchrashuvga Sankt-Peterburgga taklif qiladi. Uning aniq sanasi hozircha belgilanmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan 9-10 oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘lishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Vladimir Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing