Putin tinchlik muzokaralariga KXDRni ham qo‘shmoqchi
Olam
−
28 mart
3214Ukrainadagi tinchlik jarayonida faqat AQSH emas, balki Rossiyaga “do‘st” bo‘lgan davlatlar ham ishtirok etishi mumkin. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kecha, 27 mart kuni “Arxangelsk” atom suvosti kemasi dengizchilari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Bu – Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Braziliya, Janubiy Afrika – barcha BRICS davlatlari. Va yana boshqalar, masalan, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi”, dedi Putin.
U Shimoliy Koreya Rossiyaning “hamkori” ekanini eslatib o‘tgan. Shuningdek, o‘tgan yil oxirida Moskva va Pxenyan o‘rtasida harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirganini qayd etgan. Hujjatga ko‘ra, har ikki davlatga hujum qilingan taqdirda, tomonlar bir-biriga “mavjud barcha vositalar” bilan yordam berishga majbur.
G‘arb razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Rossiyaga kamida 10 ming harbiy xizmatchi va 2 milliondan ortiq snaryad yetkazib bergan. Putinning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya bilan hamkorlik harbiy-texnik va harbiy sohalarda davom etmoqda.
“G‘arb davlatlariga kelsak, ular Rossiyani aldab kelgan. Yevropa davlatlari esa buni doimiy ravishda amalga oshirishga urinyapti. Rossiya har qanday nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishni qo‘llab-quvvatlaydi, faqat bizning hisobimizdan emas”, deb shikoyat qilgan Rossiya yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin Ukrainada BMT va bir nechta davlatlar homiyligida vaqtinchalik tashqi boshqaruvni joriy etish masalasini muhokama qilishni taklif qilgandi. Shuningdek, u ushbu boshqaruv ostida saylovlar o‘tkazish g‘oyasini ilgari surgandi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, saylovlar o‘tkazilgandan keyin tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralar boshlanishi mumkin. Putin, shuningdek, ilgari ham Sharqiy Timor, Yangi Gvineya va sobiq Yugoslaviyaning ayrim hududlarida BMT homiyligida tashqi boshqaruv joriy etilgan holatlar bo‘lganini eslatib o‘tgan.
LiveBarchasi