Putin murojaat bilan chiqdi (video)
Olam
−
24 iyun 2023
40155Bugun, 24 iyun kuni ertalab "Vagner" xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Prigojin bir necha harbiy ob’ektlarda nazorat o‘rnatganini aytib chiqdi. Mazkur xabar ortidan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin murojaat bilan chiqdi.
“Biz Rossiya bo‘lib qolish huquqi uchun kurashyapmiz, bu jang barcha kuchlarning birligini talab qiladi, bizni ajratib turadigan hamma narsa chetga surilishi kerak. Va shuning uchun ham bizning birligimizni parchalagan harakatlar, aslida, murtadlik va Rossiya va xalqimizning orqasiga pichoq urishdir. 1917 yilda mamlakatimiz Birinchi jahon urushida qatnashganda ana shunday zarba berilgan va g‘alaba bizdan olib qo‘yilgan”, degan Rossiya Prezidenti.
Shuningdek, Putin qo‘zg‘olon uyushtirgan har bir kishi jazolanishini bildirgan.
“Har qanday ichki tartibsizliklar davlatchiligimiz uchun halokatli tahdid bo‘lib, bunday tahdiddan himoyalanish bo‘yicha qattiq harakatlar qilamiz. Qo‘zg‘olonni tayyorlaganlarning hammasi muqarrar jazoga tortiladi. Qurolli kuchlar va boshqa davlat idoralari zarur buyruqlarni oldi” degan Putin.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 iyun kuni “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligini uning kompaniyasi pozitsiyalariga zarba berishda ayblab, 25 ming kishi bu bilan shug‘ullanmoqchi ekanini aytgandi. Shundan so‘ng “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Rossiya FXX esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Mazkur voqealar ortidan Rossiya Federatsiyasining bir qator hududlarida cheklovlar joriy etilmoqda. Xususan, Lipetsk va Voronej viloyatlari, Rostov-Donuda ommaviy tadbirlar bekor qilindi.
LiveBarchasi