Putin Suriyaga bordi
Olam
−
07 yanvar 2020
11533Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bugun, 7 yanvar kuni Suriya poytaxti Damashqqa tashrif buyurdi. Bu haqda Rossiya davlat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Vladimir Putin Damashq ko‘chalari bo‘ylab o‘tib, Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari guruhlarining qo‘mondonlik punkti tomon yo‘l oldi”, deydi matbuot kotibi.
Peskovning qayd etishicha, Putinning qo‘mondonlik punktiga Suriya Prezidenti Bashar Asad ham tashrif buyurgan.
“Ikki davlat rahbarlari mamlakatning turli mintaqalaridagi vaziyat to‘g‘risida harbiy hisobotlarni eshitishdi”, deya qo‘shimcha qiladi Peskov.
Asad Damashqqa tashrifi hamda terrorizmga qarshi kurashda, Suriyada tinch hayotni tiklashda Rossiya va Rossiya harbiy kuchlarining yordami uchun Putinga minnatdorlik bildirgan.
Shuningdek, Bashar Asad Vladimir Putin va butun rus xalqini Rojdestvo bayrami bilan samimiy tabriklagan.
Tashrif doirasida Rossiya-Suriya delegatsiyalarining muzokaralari ham bo‘lib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Putin ertaga, 8 yanvar kuni Turkiya Respublikasiga tashrif buyurib, yangi gaz quvurini ishga tushirish marosimida ishtirok etadi va Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan muzokaralar o‘tkazadi.
LiveBarchasi