Putin Sochiga kelgan Erdo‘g‘anga nima sovg‘a qilgani ma’lum bo‘ldi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sochida Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvda, unga TASS agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Mixail Gusmanning Turkiya yetakchisining hayoti va siyosiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi hujjatli filmini topshirdi. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Mazkur film TASS va "Rossiya 24" telekanalining qo‘shma mahsuloti sanaladi. Gusman iyun oyida Erdo‘g‘an haqidagi “Hokimiyat formulasi” sikli doirasida suratga olingan filmni taqdim etgan. Taqdimot Turkiyaning Moskvadagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan. U “Rossiya 24” telekanalida ham namoyish etilgan. 

Taxminan 25 daqiqa davom etgan lentada Gusman va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi to‘rtta suhbatdan parchalar (birinchi suhbat 2005 yilda, siyosatchi Turkiya bosh vaziri sifatida ishlayotganida bo‘lib o‘tgan) bor.

Film Erdo‘g‘anning bolalik, maktab va universitet yillari haqida hikoya qiladi, u shaxs sifatida kamol topgani uchun ayniqsa ota-onasiga minnatdorlik bildiradi. Turkiya rahbari siyosat bilan “taxminan 17 yoshidan shug‘ullana boshlagani”, yoshlar, tuman, viloyat tashkilotlari, partiya organlarida ishlagani va keyinchalik Istanbul hokimi bo‘lganini ta’kidlagan. 

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, hokimiyat “mashaqqatli mehnat va katta mas’uliyat”, siyosat esa har doim katta tavakkalchilik bilan bog‘liq. Filmda yetakchining shaxsiy hayotining jihatlari: bo‘lajak rafiqasi bilan uchrashish tarixi, dinga munosabati, futbolga bo‘lgan muhabbatiga alohida e’tibor qaratilgan.

Iyun oyida bo‘lib o‘tgan taqdimotdan so‘ng Mixail Gusman Turkiya OAVsiga intervyu berib, Prezident Erdo‘g‘anga munosabati haqida gapirgan.

“Bugun filmimiz taqdimotida Turkiya baxtli davlat ekani, uning shunday yetakchisi borligini aytdim. U shunchaki buyuk siyosatchi emas, balki juda buyuk insoniy shaxs, buyuk xarizmaga ega, juda yuqori darajadagi siyosiy tahlilga ega, zamonaviy dunyo muammolarini tushunadi, strategik fikrlaydi. Bugun uning roli nafaqat Turkiyada, Turkiya Prezidenti sifatida, balki butun dunyo uchun nihoyatda muhim”, degan Gusman.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya Sochi Putin Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing