Putin SNV-3 ni uzaytirishni taklif qildi
Jamiyat
−
06 Oktabr 8618
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Strategik hujum qurollarini qisqartirish to‘g‘risidagi shartnoma (SNV-3) muddatini uzaytirishni taklif qildi. AQSH Prezidenti Donald Tramp bu taklifni “yaxshi g‘oya” deb baholadi.
Joriy yil 22 sentyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi majlisida Prezident Vladimir Putin mamlakat hujjat muddati 2026 yil 5 fevralda tugaganidan keyin ham kamida bir yil davomida kelishuvga rioya qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
“Bu kelishuv merosidan to‘liq voz kechish ko‘p jihatdan xatoli va ko‘ra bilmaslik bo‘lar edi”, dedi Putin.
Shu bilan birga, u SNV-3 amal qilish muddati tugagach, yadroviy-raketaviy salohiyatni cheklovchi oxirgi xalqaro bitim yo‘qolishini ta’kidladi.
“Men uchun bu yaxshi g‘oyadek tuyuladi”, dedi Tramp kecha, 5 oktyabr kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda jurnalist savoliga javoban.
SNV-3 2010 yilda Rossiya va AQSHning o‘sha paytdagi prezidentlari Dmitriy Medvedev va Barak Obama tomonidan imzolangan edi. 2021 yilda shartnoma yana 5 yilga uzaytirildi.
Biroq 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosli urush boshlanganidan so‘ng Kreml rahbari bir necha bor yadroviy qurol ishlatish bilan tahdid qildi. Shuningdek, Rossiya oxirgi yillarda yadroviy doktrinasini qayta ko‘rib chiqdi va Belarus hududiga yadroviy qurol joylashtirdi.
2023 yil fevral oyida esa Moskva NATOni Rossiyaning strategik ob’ektlariga qilingan zarbalarda ayblab, SNV-3dagi ishtirokini to‘xtatganini e’lon qildi.