Putin Si Szinpinni Ukraina bilan “yarashish” uchun vositachi bo‘lishga undayaptimi? 

Olam

image

Avvalroq Xitoy rahbarining 20-22 mart kunlari Rossiyaga tashrif buyurishi ma’lum bo‘lgandi. Si Szinpin Putin bilan uchrashuvdan avval Rossiyaning RIA Novosti va “Rossiyskoy gazeti” nashrlarida maqola e’lon qildi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ham mos ravishda Xitoyning yetakchi nashrlaridan biri “Jenmin jibao”da maqolasi chiqdi. 

Xitoy rahbari o‘z maqolasida Rossiyaga tashrif va undan kutilayotgan maqsadlari haqida bayon qilgan. Muhim jihati shundaki, ushbu maqolada Ukrainadagi urush to‘g‘risida ham fikr bildirilgan. Xususan, u bo‘lajak tashrif tinchlik va do‘stlikni mustahkamlashga qaratilganiga urg‘u bergan. O‘z navbatida, Putin ham bu uchrashuvdan umidi katta ekanini bildirgan. 

Si Szinpin Ukraindagi urushni “inqiroz” deb atagan. 

“O‘tgan yilning boshidan beri Ukraina inqirozining to‘liq kuchayishi kuzatilmoqda. Xitoy, sodir bo‘layotgan voqealarning mohiyatiga asoslanib, doimo ob’ektiv va xolis pozitsiyani egallaydi, yarashish va tinchlik muzokaralarini rivojlantirishga faol harakat qiladi. Men aytgan bir qator mulohazalar Xitoyning Ukraina kelishuvidagi asosiy tamoyilidir”, deb yozgan Si Szinpin.

Xitoy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, gap, xususan, “BMT Nizomining maqsadlari va tamoyillariga rioya qilish, barcha davlatlarning xavfsizlik sohasidagi oqilona tashvishlarini hurmat qilish, Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash va global ishlab chiqarish hamda ta’minot zanjirlarining barqarorligini ta’minlash zarurati” haqida ketmoqda.

Si Szinpin murakkab muammolar oson yechimlarga ega emasligini ta’kidlab, shunday deydi: 

“Biz ishonamizki, Ukraina inqirozidan oqilona chiqish va dunyoda mustahkam tinchlik, umumiy xavfsizlikka erishish uchun yo‘l bor. Bu hamma umumiy, yaxlit, qo‘shma va barqaror xavfsizlik konsepsiyasiga amal qilishi, dialog va maslahatlarni teng, oqilona va pragmatik tarzda davom ettirishidir”.

Si Szinpin Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar mavzusiga ham e’tibor qaratgan.

“70 yildan ortiq vaqt davomida Xitoy-Rossiya munosabatlari juda qiyin yo‘lni bosib o‘tdi. O‘tmishga nazar tashlasak, Xitoy-Rossiya munosabatlarining bugungi darajasi oson bo‘lmaganini, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi so‘nmas do‘stlikni ehtiyotkorlik bilan saqlash kerakligini chuqur anglaymiz”, deyiladi maqolada.

Xitoy rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaga hozirgi tashrif do‘stlik va tinchlikni mustahkamlashga qaratilgan, Putin bilan birgalikda Rossiya-Xitoy munosabatlarini rivojlantirish uchun yangi rejalarni tuzishga tayyor.

Putin esa Xitoy nashrida chiqqan maqolasida Xitoy Xalq Respublikasi raisining tashrifi muhim voqea ekanligi va Rossiya katta umidlarni bo‘lajak muzokaralar bilan bog‘lashini ta’kidlagan.

Shuningdek, u, so‘nggi o‘n yillikda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishini e’tirof etgan. 

“Rossiya-Xitoy munosabatlari o‘z tarixidagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi va o‘sishda davom etmoqda, ularning sifati sovuq urush davridagi harbiy-siyosiy ittifoqlardan ustundir. Ularda yetakchi taraf yo‘q, cheklovchilar yoki taqiqlangan mavzular yo‘q. Bizning siyosiy muloqotimiz nihoyatda ishonchli, strategik o‘zaro ta’siri keng qamrovli va yangi davrga kirdi”, deb yozgan Putin.

Rossiya federatsiyasi Prezidentining ta’kidlashicha, Rossiya “Ukraina inqirozi”ni siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal qilishga ochiq va Xitoyning bunda konstruktiv rol o‘ynashga tayyorligini olqishlaydi.

Ma’lumot uchun, 17 mart kuni Kremlda Si Szinpinning 20-22 mart kunlari Rossiya Prezidenti taklifiga binoan ushbu mamlakatga tashrif buyurishi tasdiqlangandi. 

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi spikeri Van Venbin shu kuni Si Szinpin Rossiyaga tashrifi chog‘ida Xitoyning Rossiya-Ukraina urushiga nisbatan “ob’ektiv va xolis” pozitsiyasini himoya qilishini va tinch yo‘l bilan hal qilish zarurligini ilgari surishini aytgan.

“Xitoyning pozitsiyasi bitta taklifga to‘g‘ri keladi, ya’ni tinchlikni talab qilish va muzokaralarni rivojlantirish”, deydi u.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Putin Ukraina Si Tszin'pin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing