Putin Shimoliy Koreyaga tashrifini yakunlab, Vetnamga yetib keldi (video)
Olam
−
20 iyun
8207Kecha, 19 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin KXDRga tashrifini yakunlab, keyingi davlat tashrifi bilan Vetnamga yetib bordi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya Prezidenti Vetnam Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi bosh kotibi Nguyen Phu Trong taklifiga binoan ikki kunlik tashrif bilan Vetnamga kelgan.
Tashrif chog‘ida Putin Vetnam oliy rahbariyati, xususan Nguyen Phu Trong, Vetnam Prezidenti To Lam, Bosh vazir Fam Min Tin va Milliy Assambleya raisi Tran Txan Man bilan muzokaralar olib boradi. Muzokaralar yakunida Rossiya va Vetnam o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma bayonot, shuningdek, hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Nashrga ko‘ra, Vetnam Prezidenti bilan uchrashuv yakunida Putin va To Lam matbuotga bayonot beradi.
Ma’lumot uchun, Rossiya Vetnam bilan diplomatik munosabatlarni 1950 yil 30 yanvarda o‘rnatgandi. Bu yil iyun oyida Rossiya va Vetnam Sotsialistik Respublikasi o‘rtasida do‘stlik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganiga 30 yil to‘ldi. Putin prezidentlik davri davomida Vetnamga to‘rt marta tashrif buyurgan. So‘nggi tashrif 2017 yilning noyabrida bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Pxenyandagi sammitda G‘arb bilan raqobat kuchayib borayotgani sababli hamkorlik shartnomasini imzolagandi.
LiveBarchasi