Putin sheriklarini “Tolibon” bilan hamkorlikka chorladi
Olam
−
10 Oktabr 2025 4037 2 daqiqa
Afg‘onistonda ko‘plab terrorchi guruhlar ekstremizm g‘oyalarini tarqatishga harakat qilmoqda, ammo “Tolibon” muvaqqat hukumati terrorizm va narkotrafikka qarshi hamkorlikka tayyor. Bu haqda kecha, 9 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tojikistonning Dushanbe shahrida o‘tkazilgan “Rossiya – Markaziy Osiyo” ikkinchi sammitida so‘z ochdi.
Putinga ko‘ra, Rossiya “Tolibon” muvaqqat hukumatining terrorchilikka qarshi kurashish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab quvvatlaydi. Uning qo‘shimcha qilishicha, “Tolibon” boshqa mintaqa vakillari bilan bu yo‘nalishda hamkorlik qilishga tayyor.
Yaqin Sharqdagi mojaro haqida gapirar ekan, Putin G‘azo sektoridagi fojiali holatni “inqiroz” deb atagan. U AQSH Prezidenti Donald Trampning tinchlik tashabbuslarini ijobiy baholab, Rossiya bu sa’y-harakatlarni amalda qo‘llab-quvvatlayotganini urg‘ulagan.
Putinga ko‘ra, Yaqin Sharq muammosini faqat siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilish mumkin, uzoq muddatli barqarorlik uchun esa mustaqil Falastin davlati tuzilishi zarur.
Shuningdek, u Eron yadroviy dasturi masalasida ham faqat diplomatik yo‘l bilan kelishuvga erishish mumkinligini aytib, Rossiya Eron va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) o‘rtasidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Putin o‘z nutqini yakunlar ekan, sammitda qabul qilingan kommyunike va harakatlar rejasi Rossiya bilan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stona, o‘zaro foydali munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni hibsga olmagani uchun Tojikistonni Xalqaro jinoiy sud (XJS) talablarini bajarmaganlikda ayblagandi.
Live
Barchasi