Putin SHHTni dunyodagi eng yirik mintaqaviy birlashma deb atadi
Olam
−
11:22 613 1 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shanxay hamkorlik tashkiloti nafaqat Yevrosiyo, balki butun dunyodagi eng yirik mintaqaviy birlashma ekanini aytdi. Bu haqda u bugun, 1 sentyabr Bishkekda bo‘lib o‘tayotgan SHHT Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida so‘z ochdi.
Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, SHHTga a’zo davlatlarda dunyo aholisining qariyb yarmi yashaydi va jahon yalpi ichki mahsulotining uchdan biridan ortig‘i yaratiladi.
“SHHT hududida ulkan intellektual va texnologik salohiyat, shuningdek, jahon tabiiy resurslarining salmoqli qismi jamlangan”, degan Putin.
Rossiya Prezidenti tashkilot 25 yil davomida katta yo‘lni bosib o‘tganini va ko‘p qutbli dunyoning nufuzli markazlaridan biriga aylanganini ta’kidlagan.
“Rossiya SHHT faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. SHHT davlatlari o‘rtasida savdoni mustahkamlash – tashkilotning asosiy vazifalaridan biri”, deb aytgan Putin.
Ma’lumot uchun, bugun, 1 sentyabr kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining 25 yilligiga bag‘ishlangan sammit rasman start oldi. Sammitda SHHTga a’zo barcha 10 davlat rahbarlari ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI) rahbari Kirill Dmitriyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Rossiya, Xitoy, Hindiston va mintaqa davlatlarini birlashtirgan Yevroosiyodagi asosiy kuch va iqtisodiy o‘sish markazlaridan biri hisoblanishini aytgandi.