Putin Seulni tahdidona ogohlantirdi
Olam
−
21 iyun
24591Vladimir Putin Janubiy Koreyani Rossiyaga qarshi urushda Ukrainani qurollantirsa, “katta xatoga yo‘l qo‘yishi” haqida ogohlantirdi. U bu haqda 20 iyun kuni Vetnamga tashrifi chog‘idagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Putinning bu jiddiy ogohlantirishi Seul Rossiya va KXDRning har ikki davlatga qarshi tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda bir-biriga yordam berish haqidagi yangi kelishuviga javoban Ukrainaga qurol yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqchi ekanligini aytganidan keyin yangradi.
“Agar Seul Kiyevga qurol yetkazib berishga qaror qilsa, Moskva Janubiy Koreyaning amaldagi rahbariyatiga yoqmaydigan qarorlar qabul qiladi”, deydi Putin.
Rossiya davlat rahbari Vetnam poytaxti Xanoy shahriga tashrif buyurishidan oldin Shimoliy Koreyada bo‘lgan edi va u Pxenyanda Kim Chen In bilan imzolagan mudofaa bitimi ayni paytda dunyo siyosiy kun tartibining eng oldi qatorlarida muhokama qilinmoqda.
Putin shov-shuvli tashrif fonida yangragan ayrim aks-sadolarga qarshi nisbatan tinchroq bo‘lgan Vetnamda javob qaytardi va jiddiy bayonotlar bilan chiqdi. Xususan, u AQSH va uning ittifoqchilari Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda davom etsa, Moskva Pxenyanni qurollantirishga tayyorligi haqida ogohlantirdi.
“Ushbu qurollarni yetkazib beruvchilar biz bilan urishmayotganiga ishonishadi. Shunday ekan biz ham Pxenyanga dunyoning boshqa mintaqalaridan qurol yetkazib berish huquqini saqlab qolishimizni aytdim”, deydi Kreml yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik, mudofaa va strategik sherikchilik to‘g‘risidagi bitim imzolangani sababli, Seul o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkinligi haqida signallar berilgandi. Ushbu mudofaa bitimi tuzilgach, 20 iyun kuni mamlakatning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Chang Xo Jin Janubiy Koreya Ukrainaga qurol yetkazib berish masalasini qayta ko‘rib chiqishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi