Putin Rossiya armiyasi safini kengaytirdi
Olam
−
28 iyul 5808 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Qurolli Kuchlarining shtatdagi umumiy sonini 2 426 130 kishiga yetkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, Qurolli Kuchlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar soni 1 million 535 ming nafarga yetkazilgan. Qayd etilishicha, harbiylar soni 25 ming kishiga ko‘paygan.
Ma’lum qilinishicha, shtat sonining oshirilishi Rossiya Qurolli Kuchlari tarkibida 2006 yilda tugatilgan harbiy-qurilish bo‘linmalarining qayta tiklanishi bilan bog‘liq.
Farmon joriy yilning 1 avgustdan kuchga kiradi. Hujjatda qayd etilishicha, o‘zgarishlar Rossiya Qurolli kuchlari tarkibida harbiy-qurilish bo‘linmalari tashkil etilishi bilan bog‘liq.
Ma’lumot uchun, Putin joriy yilning 12 iyun kuni ham Qurolli Kuchlar shtatidagi harbiy xizmatchilar sonini 1 million 510 ming nafarga yetkazish haqidagi farmonni imzolagan edi. O‘shanda shtat soni qariyb 7,3 ming kishiga oshirilgandi.
Shuningdek, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev aprel oyining oxirida joriy yil boshidan buyon 127 ming kishi Rossiya Qurolli Kuchlari bilan shartnoma imzolaganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, yana 10 ming kishi ko‘ngilli tuzilmalarda xizmat qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Shu bilan birga, 2025 yilda 450 ming kishi Rossiya armiyasi bilan shartnoma asosida xizmat qilish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushda “yanada dadilroq harakat qilish” taklifiga munosabat bildirib, bunday qarorlar Rossiya tomoni uchun jang maydonida yo‘qotishlarga olib kelishi mumkinligini aytgan edi.
Live
Barchasi