Putin Rossiya harbiy qo‘mondonligi tarkibini yangiladi
Olam
−
10:36 2732 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakat harbiy qo‘mondonligi tarkibida bir qator yirik kadrlar almashinuvini amalga oshirdi. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Xususan, yangi tashkil etilayotgan Uchuvchisiz tizimlar qo‘shinlariga general-polkovnik Denis Lyamin rahbar etib tayinlangan.
Qayd etilishicha, Lyamin shu paytgacha “Markaz” qo‘shinlar guruhi shtabi boshlig‘i lavozimida ishlagan. U 2023 yilda Mudofaa vazirligi rahbariyatini tanqid qilgani ortidan lavozimidan olingan general Ivan Popov o‘rniga 58-armiyaga qo‘mondon etib tayinlangani bilan tanilgan. Keyinchalik Popov firibgarlik ayblovi bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Uchuvchisiz tizimlar qo‘shinlari – bu qurolli kuchlarning yangi bo‘linmasi hisoblanadi. Rossiya Mudofaa vazirligi 2025 yil dekabr oyida uni shakllantirish ishlari yakunlangani haqida hisobot bergan. Biroq Putin yig‘ilishda bu jarayon hali to‘liq yakunlanmaganini tan olib, yangi qo‘mondonning asosiy vazifalaridan biri mazkur qo‘shin turini to‘liq shakllantirish bo‘lishini aytgan.
Shuningdek, Valeriy Solodchuk Birlashgan ta’minot xizmati rahbari etib tayinlangan. U bungacha “Markaz” qo‘shinlar guruhiga qo‘mondonlik qilgan. Solodchuk 2022 yilda Kiyev viloyatining Bucha shahrida tinch aholining o‘ldirilishiga aloqadorlikda ayblangan.
Bundan tashqari, Andrey Ivanayev “Markaz” qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni etib tayinlangan. U avval “Sharq” qo‘shinlar guruhini boshqargan. “Sharq” qo‘shinlar guruhi rahbari vazifasini esa general-mayor Pyotr Bolgarev vaqtincha bajaradigan bo‘lgan.
“Bizda Mudofaa vazirligi tuzilmasini maxsus harbiy operatsiya ehtiyojlari va tajribasidan kelib chiqib takomillashtirish ishlari davom etmoqda”, degan Putin ushbu tayinlovlarga izoh berar ekan.
Putin bundan buyon Mudofaa vazirligining barcha logistika xizmatlari 2025 yil noyabr oyidan boshlab general-polkovnik Aleksandr Sanchik boshchiligida birlashtirilgan logistika xizmatlariga o‘xshash “bitta pozitsiyada jamlanishini” e’lon qilgan. Sanchikning vazifalari ham o‘zgargan. U endi qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnika buyurtmalarini tashkil qilish hamda qo‘shinlarni texnik qo‘llab-quvvatlash uchun javobgar bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Qurolli Kuchlarining shtatdagi umumiy sonini 2 426 130 kishiga yetkazish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.
Live
Barchasi