Putin oktyabr oyida Xitoyga boradi
Olam
−
26 iyul 2023 3761 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning oktyabr oyida Xitoyga tashrif buyuradi. Bu haqda Rossiya rahbarining xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Putin bu bo‘yicha Xitoy tomonidan taklif olgan. Uning tashrifi “Bir makon, bir yo‘l” forumi bo‘lib o‘tadigan vaqtda amalga oshirilishi kutilmoqda.
“Biz taklifnoma olganimiz va “Bir makon, bir yo‘l” forumi o‘tkazilganda Xitoyga borish niyatimiz borligi ma’lum”, deydi Ushakov jurnalistlarga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi 2013 yilda Si Szinpin tomonidan taklif etilgan konsepsiya bo‘lib, uning maqsadi ko‘proq mamlakatlarni qamrab olgan xalqaro savdo va sarmoyaviy loyihalarni faollashtirish va manfaatdor davlatlar kapitalidan foydalanishdan iborat. Unga 150 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar qo‘shilgan. 2017 yilning may oyida Pekinda Rossiya, Xitoy hamda Yevroosiyo, Afrika va Lotin Amerikasining 28 ta davlatining yuqori mansabdor shaxslari ishtirokida birinchi “Bir makon, bir yo‘l” forumi bo‘lib o‘tgan. Ikkinchi forum 2019 yil aprel oyida Xitoy poytaxtida o‘tkazilgan. O‘tgan yilning noyabr oyida Xitoy rahbari Bangkokda bo‘lib o‘tgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) iqtisodiy yetakchilarining 29-norasmiy yig‘ilishida Xitoy 2023 yilda “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumini o‘tkazish imkoniyatini o‘rganishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, XXR raisi Si Szinpin joriy yilning 20 martida Rossiyaga borgandi. Tashrif davomida Ukraina urushi masalasi ham muhokama qilingan. Shuningdek, Si o‘shanda Putinga o‘zi uchun qulay vaqtda Xitoyga tashrif buyurishni taklif qilgandi.
“Kecha men Prezident Putinga bu yil o‘zi uchun qulay vaqtda Xitoyga tashrif buyurishni taklif qildim, chunki bu yil Xitoy “Bir makon, bir yo‘l” doirasida uchinchi xalqaro forumga mezbonlik qiladi. Prezident Putin avvalgi ikki forumda ishtirok etgan”, degan edi Si Szinpin Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashuvda.
Shuningdek, Xitoy rahbari yaqin aloqalarni o‘rnatish uchun Mishustinni ham imkon qadar tezroq Xitoyga tashrif buyurishini taklif qilgandi. Rossiya Bosh vaziri Si Szinpinning taklifini qabul qilgan.
Live
Barchasi