Putin niyatiga yetdi. Turkiya gaz uchun to‘lovni qisman rublda amalga oshiradi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Sochida bugun, 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlandi. Ular to‘rt soatdan ko‘proq suhbatlashgan. Bu haqda TASS Kreml rasmiysi Dmitriy Peskovga tayanib, ma’lum qildi.

“Ikki davlat yetakchisining uchrashuvi soat Moskva vaqti bilan 15:21 da boshlandi va to‘rt soatdan sal ko‘proq davom etdi. Kun tartibiga keng ko‘lamli mavzular qo‘yildi: Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikdan tortib, mintaqaviy muammolar — Ukraina inqirozi, Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat, Suriyadagi holat muhokamasigacha”, deyiladi xabarda.

Muzokaralar boshlanishidan avval Putin va Erdo‘g‘an jurnalistlar oldida salomlashgan. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazilmagan, bu ikki Prezidentning ish jadvali bilan bog‘liq. Biroq, Rossiya-Turkiya hukumatlararo komissiyasi hamraisi bo‘lgan Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak muzokaralar natijalari haqida ma’lumot berdi.

Aleksandr Novakka ko‘ra, Putin va Erdo‘g‘an Rossiya-Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni barcha sohalarda yangi bosqichga olib chiqishga, xususan, gaz uchun to‘lovlar qisman rublda amalga oshirilishiga kelishib olgan.

"Muhim tarkibiy qism – Turkiya Respublikasiga gaz yetkazib berish masalasi muhokama qilindi, u har yili 26 milliard kub metr hajmda yetkazib beriladi. Muzokaralar davomida Prezidentlar gaz yetkazib berish uchun to‘lovlarni qisman rublda amalga oshirishga kelishib oldi”, deydi u. 

Shuningdek, uchrashuv yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotida aytilishicha, Putin va Erdo‘g‘an Suriyaning siyosiy birligi hamda hududiy yaxlitligini saqlab qolishni muhim deb hisoblaydi. 

“Ko‘tarilgan masalalar orasida Suriyadagi so‘nggi voqealar ham bor. Tomonlar siyosiy jarayonni olg‘a siljishga katta ahamiyat berishlarini tasdiqladi. Suriyaning siyosiy birligi va hududiy yaxlitligini saqlash muhimligi ta’kidlandi”, deyiladi hujjatda.

Shu bilan birga, ikki davlat liderlari “barcha terror tashkilotlariga qarshi kurashda birgalikda va bir-biri bilan yaqin muvofiqlashgan holda harakat qilish qat’iyligini” tasdiqlagan.

Ma’lumot uchun, Rossiya, Turkiya va Eron Suriya mojarosini tinch yo‘l bilan hal etishning kafillari sifatida harakat qilmoqda. Ular Suriyada “Ostona jarayoni” deb nomlangan siyosiy kelishuv formati tashabbusi bilan chiqqan (muzokaralar 2017 yilning yanvarida Qozog‘iston poytaxtida boshlangan).


Maqola muallifi

Teglar

Putin Erdo'g'an

Baholaganlar

350

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing